Jahon | 21:49 / 06.08.2017
3575
2 daqiqa o‘qiladi

Pens 2020 yilgi prezidentlik saylovlariga tayyorlanayotgani haqidagi maqolani rad etdi

Foto: AP Photo / Shakh Aivazov

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens New York Times nashrida u 2020 yilgi prezidentlik saylovlariga nomzodini qo‘ymoqchiligi ta'kidlangan maqolani rad etdi.

Nashrda ta'kidlanishicha, Pensning ko‘p sonli yordamchilari prezidentlikka saylovoldi kampaniyasi uchun homiylar izlamoqda, Pensning o‘zi esa "o‘zining siyosiy bazasini shakllantirmoqda". Agar maqola rost bo‘lsa, unda Pens AQSh prezidenti Donald Trampni qo‘llab-quvvatlamaydi va unga birinchi muddatidan keyin chaqiriq tashlamoqchi, yoki Tramp u yoki bu sabablarga ko‘ra ikkinchi muddatga saylanishni istamaydi yoki buni qila olmaydi. 

"New York Times’dagi bugungi maqola jirkanchdir va men, oilam va butun jamoam uchun haqoratlidir. Undagi gaplar mutlaq noto‘g‘ridir – bu OAVning joriy ma'muriyatni parchalashga urinishidagi so‘nggi qadamlaridandir", deb aytilgan Pens bayonotida.

"Biz qanday yolg‘on yangiliklarga duch kelmaylik, butun jamoam prezident kun tartibini ilgari surish va uning 2020 yilga qayta saylanishi uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiradi. Qolgan barcha taxminlar kulgili va bema'nidir", deb aytgan Pens.

AQSh vitse-prezidentlari goh-gohida prezident lavozimiga nomzodlarini qo‘yadilar, biroq an'anaga ko‘ra buni amaldagi prezident hokimiyat tepasida ikki muddat bo‘lgandan so‘ng yoki ikkinchi muddatga saylanishdan bosh tortganda yoki saylana olmagandan keyin amalga oshiradilar. AQSh tarixida 14 nafar vitse-prezident, jumladan Katta Jorj Bush, Jyerald Ford, Richard Nikson, Lindon Jonson, Teodor Ruzvelt va Tomas Jyefferson prezident bo‘la olganlar.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid