Jahon | 21:00 / 10.08.2017
10537
3 daqiqa o‘qiladi

Eron 1990-yillardagi qotilliklarni moliyalashtirishda Tojikistonning ayblovlarini rad etdi

Foto: Fotolia / Borna_Mir

Eronning Tojikistondagi elchixonasi Tojikiston ichki ishlar vazirligi filmida Tojikistondagi 1990-yillardagi shov-shuvli qotilliklarni moliyalashtirishda Eronga qo‘yilgan ayblovni asossiz va shubhali deb atadi. Bu haqda 10 avgustda “Aziya-plyus” xabar berdi.

8 avgustda Tojikiston televideniyesi orqali Tojikistonda mashhur siyosatchilar, olimlar va jurnalistlarning o‘ldirilishi Eronning moliyaviy ko‘magi va Tojikistonning sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda topshirig‘i bilan amalga oshirilgani aytilgan hujjatli film namoyish qilingan. Filmda Eron Tojikiston parlamentining sobiq spikeri Safarali Kenjayev, taniqli jurnalist Otaxon Latifiy, olimlar Muhammad Osimiy, Yusuf Ishoqiy, Minxo‘ja Gulyamov, siyosatchi Karim Yuldashev, taniqli yozuvchi Sayf Rahim, sobiq muftiy Fatxulloxon va Rossiyaning Tojikistondagi 201-motoo‘qotar diviziyasining 20 ga yaqin zobiti o‘ldirilishining bosh moliyaviy manbasi ekanligi aytilgan.

9 avgust kuni film Tojikistonning barcha davlat telekanallari orqali takroran namoyish qilingan.

Shu munosabat bilan Eron elchixonasining rasmiy saytida joylashtirilgan bayonotda aytilishicha, film kimningdir ko‘rsatmasi bilan tayyorlangan, uning mualliflari esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga nifoq solishga urinmoqdalar.

“Shubha yo‘qki, ushbu film yaratuvchilarining ikki davlatning tarixan vujudga kelgan aloqalariga ziyon yetkazishga urinishi behudadir. Film mualliflarining sudlanganlar va bugungi kunda hayot bo‘lmagan shaxslar nomidan gapirishlari haqiqat sifatida qabul qilinishi mumkin emas”, deyilgan Eron elchixonasi bayonotida. 

Elchixonaning ta'kidlashicha, Tojikiston xalqi aynan Eron tojik yerida tinchlikka erishishning kafolatlaridan biri ekanligini, aynan Eronda Tojikistondagi tinchlik jarayonining bir necha raundi o‘tganini yodda saqlaydi va unutmaydi. Bundan tashqari, Eron Tojikistonga “Istiqlol” tunnelini barpo etishda, “Sangtuda-2” GESi, Dushanbedagi “Sino” klinikasi, o‘nlab madaniyat, sport obektlari qurilishida, o‘nlab nochor tojik oilalariga yordam ko‘rsatgan.

Elchixona “Eron terrorchilikka qarshi ayovsiz kurash olib borishini butun dunyoda bilishlari”ni qo‘shimcha qilgan va “bunday filmlarning Tojikiston energetika va suv zaxiralari vazirining Tehronda Eron prezidenti inauguratsiya marosimida ishtirok etgandan keyin namoyish qilinishi ikki do‘stona xalq munosabatlariga putur yetkaza olmasligi va barcha bunday urinishlar befoydaligidan» ogohlantirgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid