21:41 / 10.08.2017
14732

Mirziyoyev Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidentini qabul qildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, ushbu nufuzli xalqaro sport tashkiloti rahbariga O‘zbekistonda taekvondoni, avvalo, yoshlar o‘rtasida ommalashtirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi va amaliy sa'y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Bugungi kunda ushbu jangovar san'at turi bilan 20 mingdan ziyod yurtdoshimiz shug‘ullanmoqda. 1993 yil Taekvondo milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida faoliyat ko‘rsatayotgan taekvondo kafedrasida malakali murabbiylar tayyorlanmoqda.

So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik sportchilar yirik xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, jahon va qit'a chempionatlarida g‘alaba qozonmoqda, Olimpiya o‘yinlarida yuqori o‘rinlarni egallamoqda. 

Butunjahon taekvondo federatsiyasi O‘zbekistonda sportning ushbu turini rivojlantirishga faol ko‘maklashayotganini qayd etish kerak. Bu borada birgalikda turli turnirlar tashkil etib, mamlakatimizda zamonaviy infratuzilmani yaratish va uni jihozlash loyihalarida, shuningdek, milliy terma jamoamizning Janubiy Koreyada tayyorgarlik ko‘rish hamda mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishda ishtirok etmoqda.

Joriy yilning 11-13 avgust kunlari Toshkent shahrida mazkur xalqaro tashkilot tashabbusi bilan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun birinchi Osiyo mintaqasi musobaqasi bo‘lib o‘tadi. 

Taekvondoni ommalashtirish, O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi e'tirofi sifatida Cho Chung Von Toshkent shahrining faxriy fuqarosi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining faxriy fan doktori unvoniga sazovor bo‘ldi. 

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizda yirik xalqaro turnirlarni muntazam o‘tkazish, Butunjahon federatsiyasining davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilayotgan taekvondo fakulteti faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, yurtimiz yoshlarini sportga keng jalb qilishga qaratilgan boshqa tadbirlarda ishtirok etish masalalari muhokama etildi. 

Cho Chung Von Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va O‘zbekistonda taekvondo va boshqa sport turlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun chin dildan minnatdorlik izhor etdi. Butunjahon taekvondo federatsiyasi O‘zbekiston bilan yangi qo‘shma loyihalar va keng ko‘lamli hamkorlik dasturlarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

Top