Jamiyat | 23:53 / 13.08.2017
15561
2 daqiqa o‘qiladi

Aktyor Tom Kruz “Bajarib bo‘lmas topshiriq” filmini suratga olishda jarohat oldi

Mashhur amerikalik aktyor Tom Kruz Londonda “Bajarib bo‘lmas topshiriq” filmining 6-qismi suratga olinishi vaqtida tryuk ijro etayotganda jarohat oldi. Bu haqda TMZ portali xabar bermoqda.

Suratga olish vaqtida ko‘pincha tryuklarni o‘zi ijro etadigan 55 yoshli aktyor bilan ushbu voqea 13 avgustda yuz berdi. Portal ehtiyot moslamasiga ega Kruz epizodlardan biri suratga olinishi vaqtida bir tomdan ikkinchisiga sakramoqchi bo‘lganda, mo‘ljalni ololmay qarama-qarshi bino devoriga anchagina kuch bilan urilgani aks etgan videoni namoyish qilgan. Aktyor devorga urilgandan keyin tomga ko‘tarilib, ehtiyot moslamasi kamarlari yordamida ortga sakragan. Shundan keyin uni suratga olish guruhi vakillari olib ketishgan. Aktyor qanchalik jiddiy jarohat olgani aytilmagan.

“Bajarib bo‘lmas topshiriq” filmining ilk qismi Brayan De Palma tomondan suratga olingan va ekranlarga 1996 yil chiqqan. Film yangi qismining ekranlarga chiqishi 2018 yil iyulga rejalashtirilgan. 

Shunisi ma'lumki, yangi filmning syujyeti maxfiy agent Itan Xant voqeasining davomiga asoslangan. Xant rolini barcha qismlar davomida Kruz ijro etib keladi. 

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, aktyorning avvalgi filmlari uchun olgan gonorarlari tushumdan olingan foiz bilan birga 70 mln dollardan ko‘proqni tashkil qilgan.

Mavzuga oid