17:56 / 14.08.2017
54855

Xalq tushgacha benzin kutsinmi yoki ishlasinmi?

Foto: "Kun"

Aholi turmush sharoiti yaxshilangani sayin uning ehtiyojlari ham orta boradi. Masalan, texnologiya vositalari qanchalik taraqqiy etsa, elektr energiyasiz ularning xizmatidan foydalanishni tasavvur etish qiyin. Xuddi shunday avtomobillarning harakatlanishi uchun ham yoqilg‘i talab etiladi va buningsiz sira iloji yo‘q. 

Odamlarda avtomobillar ko‘payayotgani rost. Buni ko‘chalarni to‘ldirib yurgan mashinalar oqimi ham tasdiqlaydi. Ammo avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shoxobchalaridagi turnaqator navbatlar, tartibsizliklar esa kishi ko‘nglini xira qiladi. Benzin quyish uchun navbatda turgan haydovchilar asabiylashishadi, qichqirishadi, xullas, bir amallab o‘z mashinalariga yoqilg‘i quyishadi. Yoqilg‘ini qimmat bahoga sotib, chayqovchilik qilayotganlarning esa parvoi falak, ularning bu holat bilan zarracha ishi yo‘q. Buni Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi Qashqadaryo viloyatiga qilgan safari davomida guvohi bo‘ldi. 

Qarshi shahrida joylashgan AYoQShga kirib borarkanmiz, bu yerdagi navbat bizni hayron qoldirdi. O‘sha yerda turganlarni suhbatga tortmoqchi bo‘ldik, ammo ular videokameradan o‘zlarini olib qochishdi. Ayrimlari pisanda qilib, turli luqmalar tashlay boshlashdi. Keyin bilsak, ular yoqilg‘i sotuvchi chayqovchilar ekan. Haydovchilar bilan gaplashar ekanmiz, haqiqatan ham Qarshi shahrida yoqilg‘i muammosi juda yomon ekanligi, soatlab navbatga turish kerakligi haqida gapirib qolishdi.

- Ilgari bunday emas edi, - dedi navbatda turgan haydovchilardan biri. – So‘nggi oylarda bizning viloyatda avtomobillar yoqilg‘isi juda tortilgan. Mana shunday tartibsiz navbatlar, asabiylashishlar har kun bo‘ladi. Yoqilg‘ini ko‘chadan sotib olay desangiz, 4000-5000 so‘m atrofida bir litrini sotib olasiz. Arzonroqqa sotib olish uchun AYoQShga kelsangiz, ishdan qolib soatlab navbatga turishingiz kerak bo‘ladi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida mazkur AYoQSh rahbariyati bilan bog‘lanib ko‘rishga harakat qildik, ammo niyatimiz amalga oshmadi. Ular biz bilan suhbatlashishni va zarur ma'lumotlar berishni istashmadi. 

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, bu kabi muammo nafaqat Qashqadaryo viloyatida, balki respublikamizning barcha viloyatlari, jumladan, poytaxtda ham mavjud. Xo‘sh, bu muammoni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Mazkur savol bilan “O‘zneftmahsulot” AJ neft mahsulotlari sifatini nazorat qilish, meterologik ta'minot va sertifikatlashtirish bo‘limi boshlig‘i Rustam Abduqodirovga yuzlandik.

“Ochiq aytish kerak, Respublikamizning turli hududlarida yoqilg‘i tanqisligi bilan bog‘liq holatlar uchrab turibdi. Buning asosiy sabablaridan biri quyidagicha: biz xususiy AYoQShlarga benzin yetkazib beramiz, ular esa yoqilg‘i mahsulotini iste'molchiga sotish o‘rniga yarim kechasi turli viloyatlardan, jumladan, Qashqadaryo viloyatidan kelgan chayqovchilarga sotish bilan ovoralar. Chayqovchilar esa, o‘z navbatida, olgan mahsulotlari ustiga pul qo‘yib, narxning sun'iy ravishda oshishiga sababchi bo‘lmoqda. 

Bu muammoni hal etish uchun maxsus shtablar tuzildi. Ular joylarda bu kabi holatlarni nazorat qilib borishadi. Bunga ichki ishlar organlari xodimlari ham jalb etilgan”.

Rustam Abduqodirov bilan suhbat davomida ko‘plab ma'lumotlar olindi, aniqrog‘i ular hisobotga o‘xshab ketardi. Ammo biz ko‘targan aniq masala yuzasidan aniq javob bo‘lmadi. Qashqadaryodagi benzin muammosi qachon va qay yo‘l bilan hal etiladi? Afsus,bu savolimiz ochiq qoldi. Ijodiy guruhimiz bilan mazkur viloyatga borganimizda u yerda yoqilg‘i tanqisligi bilan bog‘liq holatlarga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lgan edik. Bu masala hisobotda emas, balki amaliy jarayonda hal etilishi barchaga ma'lum.

Har narsaning me'yori yaxshi. Ayrim shaxslarning ochko‘zligimi, bepisandligimi yoki shu Vatanga daxldorlik hissi yo‘qligidanmi, mana shunday ko‘ngilsizliklar kelib chiqaveradi. O‘ylaymizki, maxsus tuzilgan shtablar o‘z ishini sidqidildan olib borishadi va O‘zbekistonning barcha hududlarida yoqilg‘i tanqisligi muammosiga barham beriladi.

 

Top