Mustaqilligimiz yilnomasiga nazar soladigan bulsak, qöxna, salobatli tarix oldida bir zumdek bölib köringan fursatda köz körib, quloq eşitmagan ulkan, salmoqli işlar amalga oşirilganligini köramiz. Eng katta, salmoqli yutuqlarimiz — hayotimizning tubdan özgartirilayotganini, jannatmonand yurtimiz şahar va xiyobonlarimizning çiroy oçib borişidir. Bularni, albatta, «bir qöli bilan beşikni, bir qöli bilan dunyoni tebratib kelayotgan» ayollarimizsiz tasavvur etib bölmaydi.

1999 yil — «Ayollar yili»da çiqarilgan farmonlarda xotin-qizlarning oila, jamiyat oldida tutgan örni va burçi nihoyatda mas'uliyatli va şarafli ekanligi ta'kidlangan.

Ayol, ona — buyuk zot. U barça jamiyatlarda va dunyoda mavjud minglab tillarda yuksak qadrlangan va e'zozlangan. «Onalar oyoği ostidadir behişti rizvon», ya'ni, «Jannat onalar oyoği ostidadir» deyilgan hadislarda. «Millatning kelajagi onalar qölidadir», deb yozgan edi fransuz adibi Onore de Balzak. Yana: «Ayoli yiğlamagan millat baxtlidir», «Ayolingni asragin, elim», «Ayol borki, olam munavvar», degan qanotli iboralar bor.

Ha, onalar yoruğ hayot, baxt, tökin-soçinlik, fayzu baraka, tinç-totuv hayot ramzidir. «Ona zamin», «Ona Vatan», «Ona tabiat» deb atalişi ham şu boisdandir. Tarixiy manbalarda xam bu munis zotlarning barkamolligi, afsonaviy imkoniyatlari töğrisida juda köp ma'lumotlar bor. Ular vaslida ne-ne şoiru ulamolar qalam tebratgan, mö'tabar ayol siymosi bitmas tuganmas ilhom sarçaşmasi bölib kelgan va bundan keyin ham şunday bölib qoladi. Albatta, bu haqida qança gapirsak, ozday tuyuladi. Aksariyat ayollarimiz şunga juda-juda munosib.

Hayot lekin özining yozilmagan qonunlariga ham egadir. Hozirgi bozor siyosatining iqtisodiy qiyinçiliklari ayolga ham, erkakka ham şafqat qilmay qoldi. Tabiatan zukko, teran fikrli, tadbirkor, muşohadali ayollar albatta, tezda vaziyatga tuşunib, faoliyatini şunga muvofiqlaştirib, jamiyatni ham, oilasini ham töğri yölga kirita oladilar. Zero, rözğor yuritiş san'ati, tejamkorlik, çuqur mulohaza, oilasi, farzandlariga çeksiz muhabbat, sadoqatli, andişa, ibo kabi xislatlar bilan ayolni tabiatning özi siylagan.

Bir donişmand «agarda buyuk va fazilatli odamlarga ehtiyojingiz bölsa, ayollarga buyuklik va fazilatni örgatingiz», deb aytgan ekan. Kuzatişlar şu xulosaga kelayaptiki, qaysi oilada ayol farosatli, didli, adolatli-andişali bölib, farzandlariga töğri tarbiya bera olsa, farzandlar ma'naviyatli bölib voyaga yetadi.

Şunisi ma'lumki, umrini faqat pul topiş uçun fido qilib yaşayotgan ayollarning ma'naviy qiyofasi ham, söz boyligi ham, hayot, baxt töğrsidagi tasavvurlari ham nihoyatda sayqalaşib, qaşşoqlanib qolarkan. Tarbiyasida farzandlari ham ayol tabiatiga moslaşib borarkan. Natijada, ma'naviy ozuqadan uzoqlaşib, ma'naviy qaşşoqlar köpayib bormoqda. Kamalakning hamma ranglarida ming xilda jilolanayotgan, çinakam gözal hayotni faqat bir xil rangda körayotgan ruhiy tuşkun ayollar ham uçrab turibdi.