Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Sog‘lom ayol oyligi” doirasida 8 mln nafardan ziyod ayol va o‘smir qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan respublikada 20 sentabrdan 20 oktabrgacha “Sog‘lom ayol oyligi” o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi vazirlik axborot xizmati.
Xabarda aytilishicha, ushbu oylikdan maqsad tibbiyot yutuqlaridan har bir insonni bahramand etish, o‘smir qizlar va fertil yoshdagi ayollarning salomatligini mustahkamlash, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirishdir.
Oylik doirasida sakkiz million nafar fertil yoshdagi ayollar va o‘smir qizlar qamrab olinishi rejalashtirilgan.
“Ushbu oylikni samarali, aniq va tizimli o‘tkazish choralari ko‘rildi. Buning uchun har bir umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshiraga o‘z hududidagi tug‘ruq yoshidagi ayollarni qayta xatlovdan o‘tkazish, ularni aniq reja asosida tibbiy ko‘rikka chaqirish tavsiya etildi. Vaqti belgilangan chaqiriq varaqalari patronaj hamshira va “Salomatlik maktabi” a'zosi tomonidan har bir ayolga shaxsan taqdim etiladi va ko‘rikdan bir kun oldin ayolga yana bir bor eslatiladi. Tibbiy ko‘rikka ayollar tartib bilan, reja asosida “Salomatlik maktabi” faollari yordamida olib chiqiladi”, deydi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxanova.
Qayd etilishicha, tibbiy ko‘rikni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, viloyat shifoxonalari, respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridan 110 ming nafardan ko‘proq olimlar, malakali shifokorlar hamda patronaj hamshiralar jalb etiladi.
“Maktab, kollej va litseylarda ham tibbiy ko‘rik va sog‘lomlashtirish aksiyalari tashkil etiladi. Ayollar o‘rtasida reproduktiv salomatlikni asrash, istalmagan homiladorlikning oldini olish, bexatar onalik, o‘smir qizlar o‘rtasida uchraydigan tibbiy muammolarning oldini olish borasida muloqot va suhbatlar uyushtiriladi”, - deyiladi xabarda.
Tibbiy ko‘riklar jarayonida aniqlangan kasalliklar ambulator va statsionar sharoitda davolanadi. Ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtojlarni respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning viloyat filiallarida sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.