Eldor Asanovning imlo haqidagi tahliliy maqolasi va Şuhrat Şokirjonovning axborot sohasidagi monopoliyaga barham beriş zarurati yuzasidan yozgan blogpostini katta qoniqiş bilan öqidim. Öz vaqtida, ehtimol, ança keçikib aytilgan rost gaplar.

Bu ikki holatni boğlaydigan jihatlar köp. Avvalamçi, Asanovning maqolasi, heç qursa, şunga yaqinroq saviyadagi maqola, aslida özini axborot sohasi monopoli hisoblaydigan ÖzA kabi taşkilotda bosilişi kerak edi. Xalq, ziyolilar muhokamasida turgan masalaga bu qadar e'tiborsizlik boş axborot mahkamasiga yaraşgulik iş emas... Naylasinki, taşkilotda masalani şu tarzda qöya oladigan, alohida jur'atga, bilim saviyasiga ega xodim yöq.

Ikkinçidan, xalq bir xillikdan allaqaçon zerikkan. Ma'lumki, tilni boyitadigan uçta manba bor: yozma adabiyot, oğzaki adabiyot, xalq tili. Bizning ÖzA esa xalq tilini mensimay qöyganiga neça zamonlar bölgan. Şu tariqa jonli til bilan adabiy til örtasida katta jarlik hosil bölgan – biri-biridan juda uzoq ifoda uslubi va ravişi.

«Har qanday jarayon harakatdagi nazariya» degan gap bor. Istaysizmi-yöqmi, jonli xalq tili baribir har-xil nazariyalar-u qoidalardan ustun kelaveradi. Azaldan şunday. Demak, maqolalarni, bir vaqtlar mustabid Napoleon qonunlarga işora qilib aytganidek, öta tuşunarsiz va mavhum uslubda yoziş fursati bitdi. Çunki, endi axborotni saqlab öltiriş, berkitiş, istalgan tarzda talqin etiş, kişilar şaştini söndiradigan alfozga taqdim etiş, agar buni juda xohlaşgan taqdirda ham, imkonsiz bölib qoldi.  Bu kunning qizğin ijtimoiy-siyosiy voqeliklari hammaning nazarida, virtual muhokamalar zamonida, xalqning özi yoppasiga axborot tarqatuvçiga aylangan pallada sodir bölmoqda.

Şoir Bahrom Rözimuhammadning kitobiga germaniyalik olima yozgan sözboşida «tilning çarçaganligi» degan iborani öqigandim. Uning qayd etişiça, modernistik oqimlar, noodatiy ifoda uslublari tilga nisbatan ğirrom, örinsiz siyosat qöllanilgan makonda köproq qadrlanar, paydo bölar ekan.  

Har kasalning öz şifosi bor, deydilar. Ayni mana şundoq kunlarda fuqarolik jurnalistikasi – blogerlik keng tarqalgani, odamlarda katta qiziqiş uyğotgani ana şu faktor tufayli bölsa kerak. Axir, odamlar mukammal «mujmalizm»ni emas, sodda, xalqçil ifodani, oddiylikni soğingan...

Janob Şokirjonovning fikrlariga ikki yuz foiz qöşilaman. Mana bir oddiy misol. Prezident, aytaylik, S viloyatiga taşrif buyurdi. Viloyat naşrlari, viloyatning barça tuman va şaharlarida mavjud boşqa naşrlar mazkur taşrifni ilhaqlik, muntazirlik bilan kutişadi. Özgaça ruhiy tayyorgarlik böladi. Davlat rahbari kelib, obektlar bilan tanişadi. Köp yaxşi gaplar böladi. Biroq, bu tafsilotlarni mahalliy naşrlarda, mahalliy auditoriya uçun moslab yoritişga allaqanday sirli tarzda ruxsat berilmaydi. Keyin ular uyqudan qizaringan közini işqalab, ÖzA yakunini kutişadi. Bir mahal keladi öşa zormanda axborot. Qarasang, şu qadar biqiq, umumiy, mujmal, qisqa böladiki, Bahrom Nazarovning qöşiğini hirgoyi qilib yuborganingni bilmay qolasan: «Nahotki, nahotki, nahotki...»

Eng asosiysi, mana şu taşrif davomida faqat viloyat, tuman, şahar aholisi uçun alohida ahamiyat va qiziqişga ega, kengroq şarhlaş mumkin bölgan örinlar mavjud böladi. Biroq, bu bilan kimning neça pullik işi bor...

Umuman, bu orkestrni, ajabtovur tomoşani kim boşqarayapti, degan savol bor menda. Xullas, milliy tariximizda heç qaçon körilmagan voqelik bilan yuzlaşib turibmiz – xalq hamma zamonlardagidan ham axborotga taşna. Voqelik va ijtimoiy kayfiyatni bir maromda uşlab turiş borasida, malakali jurnalistlarga, turfa qaraşlarga bu qadar ehtiyoj avval bölgan emas...

Eldor Asanov kabi mulohazali, gözal xalqçil ifoda uslubiga ega bölgan filologlar köpayişini, demokratik, liberal qaraşlar ustivorligi yölida kuraşayotgan, jamoatçilik nazoratini örnatişda davlatga yelka tutayotgan jurnalist döstlarimiz ğayrati sönmasligini Yaratgandan sörayman.

Aynan mana şunday fikri tiniq va qalami ötkir, jur'atli ziyolilar Prezident komandasining haqiqiy a'zolaridir, degim keladi...

Behzod Qobulov