O‘zbekiston | 19:20 / 19.08.2017
9727
5 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda uchta yirik tibbiyot markazi barpo etilmoqda

Xalqaro press klubning «Qashqadaryo: taraqqiyot, sanoat va agrosalohiyat» mavzusida Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan sayyor sessiyasida viloyatdagi sog‘liqni saqlash sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, erishilayotgan yutuqlar haqida ham gap bordi.

Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Umida Gaziyeva ayni paytdagi vaziyat haqida atroflicha gapirib berishdi.

— Davlatimiz rahbari viloyatimizga kelganida oldimizga ikkita masalani ko‘ndalang qo‘ydi: sog‘liqni saqlash sohasini yaxshilash va insonlarning xotirjamligi. Butun dunyoda kuzatilayotgani kabi bizda ham qandli diabet va boshqa endrokrinologik dardlar ko‘paymoqda. Viloyatimizda esa endrokrinologiya kasalxonasi yo‘q edi. Yuqumli kasalliklarni davolash va ularning oldini olish sohasida ham ishlar o‘lda-jo‘lda edi, eski shifoxonamiz 1940-yillarda barpo etilgan, ko‘rinishi o‘ta ayanchli, laboratoriyalari abgor ahvolda edi. Yurak kasalliklari shifoxonasi haqida ham shunday deyishimiz mumkin.

Mana shunday holatlardan xabar topgan yurtboshimiz 120 o‘rinli yangi endokrinologiya markazi, shuningdek kardioxirurgiya markazi va yuqumli kasalliklar shifoxonasini yangidan barpo etish uchun 150 milliard so‘m mablag‘ ajratib berdi.

Kardioxirurgiya markazimizga 3 million dollarga Germaniyadan turli asbob-uskunalar keltirilmoqda. Ilgari viloyatimiz biror kardiojarroh yo‘q edi, prezidentimiz tashabbusi bilan Rossiyadagi mashhur kardiojarroh Leo Bokeriyadan ta'lim olgan, u bilan yelkama-yelka ishlagan kardiojarroh viloyatimizga bosh vrach bo‘lib kelmoqda.

Shu paytgacha butun viloyatda 90tagina tibbiy tez yordam mashinalari xizmat ko‘rsatgan, ularning bitta chaqiruviga 400 so‘mgina pul ajratilgan ekan. Ayni paytda bunday mashinalarning soni 209taga yetkazildi, ular to‘liq yonilg‘i-moylash materiallari bilan ta'minlandi, chaqiruv uchun to‘lov hozir 1600 so‘m, sentabrdan boshlab har bir chaqiruvga 2400 so‘mdan berilishi belgilab qo‘yildi, — dedi viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev.

So‘z olgan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Gaziyeva bu borada o‘z fikrlarini bayon etar ekan, shunday dedi:

— Ayni paytda viloyatimizda mutlaqo yangidan barpo etilayotgan uchta markazga tamal toshi qo‘yildi. 50–55 nafar ishlayotgan Ruspeblika kardiojarrohlik markazi filialida kardiojarrohning o‘zi yo‘q edi.

Hozirda viloyatda yurak kasalliklari bilan bog‘liq 130 mingdan ziyod bemor ro‘yxatga olingan. Ularning 60 minggi doimiy tekshiruvdan o‘tib terishi kerak, ularning 300 nafariga stend o‘rnatilishiga muhtoj. Agar bunday dardga chalingan bolalarni ham qo‘shadigan bo‘sak, 4000 nafarga yaqin inson operatsiyaga muhtoj. O‘tgan yil davomida 180 kishi Toshkentga borib operatsiya amaliyotini o‘tab kelgani ma'lum bo‘lmoqda. Albatta, uzoq yo‘l bosib Toshkentga borish, u yerda yashash juda katta qo‘shimcha xarajatlarni ham talab etishini unutmasligimiz kerak.

Endokrinologiya dispanserimiz ham 1947 yilda qurilgan edi. Viloyatda 32 ming kishi turli endokrinologik dardlarga mubtalo bo‘lgan. Kadiologiya markazining ikkisi yonma yon barpo etilishi ham bejiz emas. Bu ham ayni muddao bo‘ldi. Prezidentimizning o‘zi ham diabetga chalingan insonda yurak bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi, yurak kasalliklariga chalingan insonlarda diabetga mubtalo bo‘lish xavfi borligidan, ikkisini yonma-yon barpo etish taklifini o‘rtaga tashlagan edi. Eski infeksion shifoxonamizda oddiy suv ta'minotining ko‘ngildagidek emasligini eslatib o‘tishning o‘zi kifoya. Xullas, prezidentimizning bunday g‘amxo‘rlik bilan chiqarilgan qarorlari qashqadaryoliklarning joniga ora kirdi.

Prezidentimiz shifokorlar kabinetda o‘tirib, bemorlarni qabul qilmasdan, joylarga chiqib profilaktika ishlari bilan shug‘ullanish kerakligini vazifa qilib belgilagan. Hozir viloyatda patronaj hamshiralar xizmatini keng yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid