O‘zbekiston | 18:00 / 19.08.2017
8573
3 daqiqa o‘qiladi

Zafar Ro‘ziyev: Endi Qashqadaryoda yetishtiriladigan paxtaning yarmidan ko‘pi o‘zimizda qayta ishlanadi

Xalqaro press klubning Qashqadaryo viloyatida o‘tgan, «Qashqadaryo: taraqqiyot, sanoat va agrosalohiyat» mavusida bo‘lib o‘tgan sayyor sessiyasi viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev viloyatdagi qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘zlab berdi.

— Viloyatda 7000 ga yaqin fermerlar 60 ming gektar maydonda takroriy ekinlar ekishmoqda. Ilgari suv, o‘g‘it va yonilg‘i-moylash materiallarini o‘g‘irlashidan, o‘z manfaati yo‘lida ishlatib yuborishdan qizg‘anib, fermerlarga takroriy ekinlar ishlatishga yo‘l berilmas edi. Hozirda fermerlarga yangi imkoniyatlar eshigi ochilgani inqilobiy voqea bo‘ldi. Fermerlarimiz dukkakli o‘simliklar yetishtirishmoqda, asosan, mosh, shuningdek, loviya, no‘xat kabi mahsulotlar hozir pishish arafasida. Bu mahsulotlarni Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston kabi davlatlarga eksport qilish nazarda tutilgan, — dedi viloyat hokimi.

Shu vaqtgacha viloyatda yetishtirilgan paxtaning ulkan hosilini qayta ishlash imkoniyatlari chegaralangani haqida to‘xtalar ekan, bu borada vaziyatni o‘nglash uchun Z.Ro‘ziyev qilinayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi:

— Qashqadaryo ulkan salohiyatli viloyat. Viloyatimizda 420 ming tonna paxta, 1,5 million tonna g‘alla yetishtiriladi. Lekin viloyatda yetishtirilgan paxtaning bor-yo‘g‘i 6 foizi shu yerda qayta ishlanardi. Ip-kalava, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari deyarli yo‘q edi.

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifidan so‘ng bu sohada ham inqilobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Sohaga Xitoy va Niderlandiyaning yuksak texnologiyalari olib kirilishi davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berildi. Yangidan barpo etiladigan 6ta tekstil korxonasi loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

Ayni paytda Xitoyning LT-textil kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi korxona qurib foydalanishga topshirildi. Birinchi navbatida 500 nafar xotin-qizlar ish bilan ta'minlandi. Yil so‘ngiga qadar yana 500ta, 2018 yil mobaynida yana 1000ta ish o‘rni — jami 2000ta ish o‘rni yaratiladi.

Shu yilning oxiriga qadar viloyatda yetishtirilayotgan paxtaning 40 foizini o‘zimizda qayta ishlashga erishmoqchimiz. 2018 yil mobaynida bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. Albatta, bularning barchasi viloyat salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi inqilobiy o‘zgarishlar hisoblanadi, — dedi Qashqadaryo viloyat hokimi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid