Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Niderlandiyadagi parranda fabrikalarida yana bir taqiqlangan vosita izlari aniqlandi
Niderlandiya sog‘liqni saqlash vaziri Edit Sxippers Niderlandiyadagi parranda fabrikalarida yana bir taqiqlangan insektitsid izlari aniqlanganini ma'lum qildi. Euractiv nashri Niderlandiya parlamentiga yuborgan xatida ma'lum qilishicha, vazir 2016 va 2017 yillarda ChickenFriend kompaniyasi bilan bog‘liq bo‘lgan 5 ta korxonada tekshiruv o‘tkazilayotganini aytgan.
Aynan ChickenFriend Yevropaning 18 ta davlati va uning ortidagi boshqa davlatlarga yetkazilgan tuxumlarga fipronil zaharli moddasi tushishida aybdorlikda gumon qilinmoqda.
Nashrning eslatishicha, fipronil hayvonlarda burgalarni yo‘q qilish uchun qo‘llanadi, biroq uni go‘shti iste'mol qilish uchun mo‘ljallangan hayvonlarda qo‘llash taqiqlangan.
Bu gal niderlandiyalik tergovchilar 5 ta parranda fabrikasidan musodara qilingan tuxumlarda amitraz insektitsidi izlarini aniqlashgan. Bu vosita “o‘rtamiyona zaharli modda” hisoblanadi. U markaziy asab tizimining shikastlanishiga olib kelishi mumkin va organizmga tushgandan keyin tez parchalanadi. Bu vositani cho‘chqalar va yirik shoxli chorvaga qo‘llashga ruxsat berilgan, biroq parrandalar uchun emas.
Vazirning aytishicha, hozircha bu insektitsidning odam salomatligiga xavfi ko‘lami noaniqligicha qolmoqda. Bungacha ushbu vosita tuxumlarda aniqlanmagandi.
Iyul oxirida Niderlandiyada tovuq tuxumlarida fipronil vositasi aniqlangandan keyin 138 ta parranda fabrikasi yopib qo‘yilgandi.