Jamiyat | 13:23 / 30.08.2017
16638
8 daqiqa o‘qiladi

“Bor-baraka” qilindi, biroq baraka topishmadi yoki Qashqadaryodagi ashaddiy firibgar haqida

Foto: RIA "Novosti"

O‘roz Qo‘chqorov “Balandchayla” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Haqmurod ota” fermer xo‘jaligi hududidan dehqon xo‘jaligi uchun yer maydonlari sotilayotganligi haqida eshitib, darhol harakatga tushdi. Xabar yetkazganlarning aytishicha, hujjatlarni uning eski tanishi To‘ra Jo‘rayev rasmiylashtirib, yerni o‘lchab berayotganmish. O‘roz aka darhol To‘ra Jo‘rayevning huzuriga otlandi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

-  E, keling, domulla, - To‘ra uni mulozamat bilan qarshi oldi. Va maqsadga ko‘chmasdan turib, o‘zi “xizmat”ini taklif eta qoldi. – Yer olmaysizmi? O‘zim hujjatlarni rasmiylashtirib beraman...

-  O‘zi shuning uchun kelayotuvdim-da, - ishi yengil ko‘chayotganidan quvonib dedi O‘roz Qo‘chqorov. – Bolalar bilan dehqonchilik qilmoqchi edik. Yer olish uchun nima qilish kerak?

-  To‘lovini qilsangiz bo‘ldi, hamma hujjatlari qo‘lingizda bo‘ladi.

-  Besh gektari qancha bo‘ladi?..

Eski tanishlar savdolashib-savdolashib, besh gektar yerni 17 million so‘mga kelishishdi.

O‘roz Qo‘chqorov uyida boqib yurgan mollarini sotib, pulini bo‘lib-bo‘lib To‘raga yetkazdi. “Hojatbaror” tanish yerni bir oy ichida rasmiylashtirib berishga va'da berdi... Afsuski, O‘roz aka ustasi farang firibgarning tuzog‘iga ilinganini juda kech – ham pulsiz, ham yersiz qolgandagina anglab yetdi.

***

Balandchaylalik Orzigul Mustafoyeva ham “Haqmurod ota” fermer xo‘jaligi hududidan yer sotilayotganligi haqida eshitib, qaynotasiga maslahat soldi. Bu joydan 20 sotix yer olmoqchiligini aytdi. So‘ng qaynota-kelin dastlab yer “sotayotgan” To‘raning opasinikiga, keyin u orqali To‘raning huzuriga yo‘l olishdi.

-  Yigirma sotix yer ming dollar bo‘ladi, - go‘yo otasidan qolgan mulkni pullayotganday narx bichdi To‘ra. – Hujjatini o‘zim to‘g‘rilab beraman.

Xaridorlar rozi bo‘lishdi. Oy so‘nggida To‘raning o‘zi ularning uyiga borib, yer hujjati uchun ayolning turmush o‘rtog‘i pasporti va nikoh guvohnomasi nusxalarini olib ketdi. Oradan bir-ikki kun o‘tib, “yerning hujjatlarini tayyorlayapman, pulni bering”, - deb keldi. Qaynota-kelin 500 AQSh dollari berib yuborishdi. Hafta o‘tmay hovliqib kelgan To‘ra qistay-qistay kelishilgan pulning qolgan besh yuzini ham olib ketdi. Ammo oradan hafta, oy... nihoyat uch yil o‘tdi hamki, na yer, na puldan darak bo‘ldi. Qaynota-kelinning To‘ranikiga qatnab, sarson bo‘lgani qoldi. To‘ra Jo‘rayev tuman yer-mulk davlat kadastri idorasida mutaxassis bo‘lib ishlayotgan Baxtiyor Sadatov bilan pulni “arra” qilib, yeb yuborishgan edi.

***

Oybek Choriyev eshikni ochib, kollejda birga ishlagan hamkasbi To‘rani ko‘rib, shoshib qoldi.

-  Mashina olmoqchi ekansan, - salom-alikdan so‘ng o‘smoqchilab so‘rab qoldi To‘ra. – Qanaqasidan olayapsan?

-  Shu... – chaynalibroq aytda Oybek. – “Spark” olsakmi, deb turibmiz.

-  E, “Spark”ni nima qilasan? – tirjaydi To‘ra. – Olsang, “Neksiya” olgin-da. Mana, men sotmoqchi bo‘lib turibman. Hali yap-yangi – endi bir yil bo‘ldi. Olsang, kelishtirib beraman...

-  Qancha? – allaqanday hadik bilan so‘radi Oybek.

-  Ellik million, - To‘ra birdan maqsadga ko‘chdi.

-  Uncha pulim yo‘q hozir.

-  Qancha bor?

-  Xo‘sh, hozir... Hammasi bo‘lib o‘ttiz bir million so‘m...

-  Unda borini beraver, - yon bosganday bo‘ldi To‘ra. – Qolganini keyinroq berarsan...

-  Uydagilar bilan bir maslahatlashib ko‘raylik-chi, - ikkilandi Oybek. – Mashina olish qochmas...

Oradan ikki kun o‘tib, To‘ra yana Oybekning xonadoni ostonasida paydo bo‘ldi.

-  Nima bo‘ldi? Mashinani olasanmi? – shoshirdi u. – Yo sotib yuboraveraymi? Menga pul zarur, kreditni to‘lashim kerak...

-  Qolgan pulni uch yilda beraman, - o‘z shartini aytdi Oybek.

-  Bo‘pti, qani pulni sana. Mashinani bir haftaning ichida nomingga rasmiylashtirib beraman...

Pul sanaldi. “Bor-baraka” qilindi. Qo‘l tashlandi.

Bir haftadan so‘ng va'daga muvofiq Oybek To‘raning yoniga mashinani so‘rab bordi.

-  Kreditimni to‘g‘rilab olay, - vaj to‘qidi To‘ra. – Keyin hujjatini tayyorlatib beraman. Hozir mana, mashinani olib ketaver...

Oybek shu kuni raqamsiz “Neksiya-2”ni uyiga olib ketdi.

Vaqt o‘tib, mashinani rasmiylashtirish uchun yana To‘rani izlab bordi. Ammo bir necha marta borsa ham uni topolmadi. Topganida esa...

-  O‘n to‘qqiz millionni hozir ber, shu bugun mashinani rasmiylashtirib beraman, - ko‘zini lo‘q qilib turib oldi u.

Oybekning joni halqumiga keldi.

-  Aka, lafzingiz bormi? – dedi bo‘g‘ilib. – Siz bilan bunday kelishmaganmiz-ku, qolganini uch yilda beraman degandim. Rozi bo‘luvdingiz...

-  Unda mashinani qaytar, men o‘zim sotib, pulingni qaytarib beraman...

Oybekning rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmagandi.

Bir-ikki kun o‘tib, To‘ra unga qo‘ng‘iroq qildi.

-  Senikiga birovni jo‘natayapman, o‘zimning ustam. Oti – Farhod. Mashinani ertaga sotishga tayyorlash kerak...

Farhod mashinani olib ketdi. Hafta o‘tib, pulni qaytarib olish ishtiyoqida Oybek Farhod bilan birga mashinani sotish uchun bozorga olib chiqdi. Biroq To‘ra aytgan narxga uni hech kim so‘ramadi. Fig‘oni falakka chiqqan Oybek mashinani Farhodda qoldirib, yana To‘rani izlab ketdi. Uni arang topdi.

-  Sotolmagan bo‘lsalaring, o‘zim sotaman, - To‘ra shunday deb mashinani Farhoddan olib ketdi. Shundan so‘ng Oybek uning qorasini ham izlab topolmadi...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudida Qamashi tumani “Qovchin” mahalla fuqarolar yig‘ini, Mang‘it qishlog‘ida yashovchi To‘ra Jo‘rayev va uning jinoiy sherigi Balandchayla qishlog‘ilik Baxtiyor Sadatovning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Ilgari ham sodir etgan jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, sinov muddati belgilangan bu ikkovlonning yana jinoyat ko‘chasiga qadam bosganligi sud zalida o‘tirgan har bir kishini ajablantirishi tabiiy. Sudda ularning qilmishlari tahlil etilib, tegishli dalillar orqali o‘z isbotini topdi.

Sud hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan o‘talmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini qisman qo‘shish yo‘li bilan To‘ra Jo‘rayevga 7 yil, Baxtiyor Sadatovga 6 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid