21:16 / 30.08.2017
24074

«Raqibning o‘yini ancha kuchaygan». Babayan Xitoyga qarshi o‘yindan oldin matbuot anjumanida qatnashdi

Foto: O‘FF matbuot xizmati

JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 9-turidan o‘rin olgan Xitoy – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan va yarim himoyachi Server Jyeparov ishtirok etdi.

“Ertaga hammani – murabbiy va futbolchilarni muhim o‘yin kutib turibdi. Biz JChga chiqish orzusiga erishishni istaymiz va hammamiz uchun imkoniyatlar yaratib bergan mamlakat oldidagi qarzimizni uzishimiz kerak. Ayni vaqtda O‘zbekistonda sport, ayniqsa, yoshlar sportiga katta e'tibor qaratilmoqda.

Bevosita ertangi o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz kuchli raqibga qarshi o‘ynaymiz. Ayni vaqtda Xitoy futbolida katta o‘sishni ko‘rish mumkin. Klub miqyosida ham jamoalar xalqaro maydonda munosib ishtirok etmoqda. Bu mamlakatga kiritilayotgan sarmoyalar ham ulkandir. Xitoy termasini zamonamizning eng kuchli mutaxassislaridan biri – Marchello Lippi boshqarmoqda. So‘nggi paytlarda o‘yin sifati ustida ishladik va imkon qadar bara muammolarni bartaraf etdik. Ertaga maydonda eng yaxshi o‘yinimizni namoyish qilamiz.

Toshkentdagi o‘yindan keyin Xitoy termasi murabbiyi almashdi va bu jamoaga ijobiy ta'sir o‘tkazdi. Raqibning so‘nggi o‘yinlarini kuzatdik. O‘yin sifati ancha kuchayganini aytish mumkin. Xitoy termasiga qarshi qiziqarli bellashuv guvohi bo‘lamiz. Bugun Janubiy Koreya haqida emas, faqatgina Xitoyga qarshi o‘yin haqida o‘ylaymiz. Barcha e'tibor ertangi o‘yinga qaratilgan.

Xitoy termasidan farqli ravishda, O‘zbekiston terma jamoasining bir necha nafar futbolchisi chet el chempionatlarida to‘p suradi. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha imkoniyatlarni yaratgan, biroq legioner futbolchilar har doim ham bir vaqtda bizga qo‘shila olmaydi.

Uxanga kelishdan oldin ob-havo nisbatan nam bo‘lishini aytishgandi. Biroq biz bu yerga yetib kelganimizda havo iliq ekaniga amin bo‘ldik. Xitoy chempionatida to‘p surayotgan 3 nafar futbolchimizdan raqib o‘yinchilari haqida yetarlicha ma'lumot oldik”, – dedi Samvel Babayan.

“Xitoy kuchli va yaxshi jamoa, ammo biz g‘alaba uchun keldik. Umid qilamanki, O‘zbekistonga a'lo kayfiyatda uchib ketamiz. Janubiy Koreyaga qarshi bellashuv ham biz uchun muhim sanaladi”, – deya fikr bildirdi Server Jyeparov.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy – O‘zbekiston uchrashuvi ertaga, 31 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi.

Top