O‘zbekiston | 15:25 / 12.09.2017
38248
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi ichki ishlar vaziriga jurnalistning yangi murojaati

Oradan 40 kun o‘tganiga qaramasdan, Ichki ishlar vazirligi samarqandlik podpolkovnikning xatti-harakatiga qonuniy javob qaytarmadi va mening murojaatimni javobsiz qoldirib, o‘zi ham mavjud qonunchilikni buzdi. Endi yangi tayinlangan vazir Po‘lat Bobojonovga murojaat qilmoqdaman, deb yozadi samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘zining Feysbukdagi shaxsiy sahifasida.

Hurmatli Po‘lat Razzaqovich!

Sizga yangi tayinlangan vazir sifatida 40 kun davomida ko‘rib chiqishi paysalga solib kelinayotgan ish bo‘yicha murojaat qilishga qaror qildim. Siz haqingizda, Sizning har ishni adolat mezoniga tayangan holda hal etishingizni, halol insonligingizni eshitib, professional faoliyatim bilan bog‘liq masalani odilona hal etilishiga menda ishonch paydo bo‘ldi.

Voqea tafsilotini yozib o‘tirmayman. Bu haqda 1 avgust kuni turli veb-saytlar xabar tarqatdi, mening o‘zim 4 avgustda ichki ishlar vaziriga ochiq xat bilan murojaat qildim. Xatni, shuningdek, IIV virtual qabulxonasiga (murojaatim IIVda 4579/17 raqami ostida ro‘yxatga olingan) hamda vazirlikning elektron manziliga jo‘natdim. Shuncha vaqt o‘tishiga qaramasdan, huquq va tartibotga mutasaddi bo‘lgan davlat organidan javob yo‘q. Buni qanday tushunsa bo‘ladi? Bu nimaning alomati?

Nega 1 avgust — test sinovlari o‘tayotgan kun reportaj tayyorlashimga to‘sqinlik qilgan ichki ishlar organi podpolkovnigining xatti-harakatiga Ichki ishlar vazirligi tomonidan hozirgacha huquqiy baho berilgan emas? O‘z harakati bilan podpolkovnik nafaqat mening jurnalistik faoliyatimga to‘sqinlik qildi, balki «nima yozishingiz va kimga xizmat qilishingizni bilaman» deb, meni haqoratladi, o‘zini tanishtirmasdan va xizmat guvohnomasini ko‘rsatmasdan u «Ichki ishla organlari to‘g‘risida»gi Qonun talablarini buzdi. Shuningdek, u fotoapparatimdagi suratlarni o‘chirib, mening mulkimga zarar yetkazdi.

Men jurnalist sifatida ochiq faoliyat yurgizyapman. Nega orqamdan IIB xodimlari poylab yurishadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqandga kelgan kunlar kuzatish ayniqsa kuchaydi. Hovlimiz qarshisida «Jiguli»da (davlat raqami 30 O 964 VA) meni poylab o‘tirgan ikki kishining suratini ilova qilyapman. Nima, davlatimiz rahbari bilan uchrashib qolmasin, bor kamchiliklarni aytmasin deb, meni poylashdimi yoki bu yerda boshqa gap bormi?

Vazirlikdan javob olaman, sizlar tomondan holatga xolis baho beriladi, degan maqsadda shu vaqtgacha prokuraturaga murojaat qilmagan edim. Endi nafaqat podpolkovnikning xatti-harakatiga, balki IIVga 4 avgust kuni qilgan murojaatimga shu vaqtgacha javob qaytarmasdan, mavjud qonunchilikni buzganligi uchun qonuniy baho berilishini so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qilaman.

Hurmat bilan,

Toshpo‘lat Rahmatullayev,

jurnalist.

Mavzuga oid