Sport | 21:20 / 14.09.2017
9158
3 daqiqa o‘qiladi

17 ta davlat aksildoping agentligi Rossiyaning Olimpiadadan chetlatilishini istamoqda

Foto: globallookpress

17 ta davlat aksildoping agentligi rahbarlari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga rossiyalik sportchilarga Janubiy Koreyaning Pxenchxan shahrida 2018 yili o‘tkaziladigan qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishni taqiqlash chaqirig‘i bilan murojaat qilishdi. Chaqiriqni imzolaganlar orasida AQSh, Kanada va Buyuk Britaniya vakillari bor. 

“Ayni vaqtda rossiyalik sportchilar tomondan taqiqlangan vositalarning qabul qilinishini sinchkov tergov qilishning imkoni yo‘q. Shu sababli Pxenchxandagi o‘yinlarda “toza” atletlar uchun xavf tug‘ilishi mumkin. Rossiyalik sportchilar Sochidagi Olimpiadada doping qo‘llashganini bilvosita isbotlovchi ko‘plab dalillar mavjud, biroq bu holatning to‘liq tergovi hanuzgacha o‘tkazilmagan. Shu sababli Pxenchxandagi o‘yinlarning “tozaligi” xavf ostida qolmoqda. Bizni shuningdek oxirgi 4 yil ichida rossiyalik sportchilar yetarlicha miqdorda doping-sinovlardan o‘tmaganlari ham xavotirga solmoqda”, deyilgan xabarda. 

Butunjahon aksildoping agentligining Richard Maklaren boshchiligidagi mustaqil komissiyasi Rossiyadagi dopingga bag‘ishlangan ikkita hisobot tayyorlagandi. Kanadalik mutaxassis Maklarenning fikricha, Rossiyada ko‘plab sport turlarini qamrab oluvchi va davlat tomondan qo‘llab-quvvatlanuvchi doping tizimi mavjud. Uning aytishicha, shu sababli Rossiya terma jamoasi Sochidagi Olimpiadada ko‘plab doping-sinovlarini almashtirib, rossiyalik sportchilar tomondan doping qo‘llangani holatlarini yashirishga muvaffaq bo‘lgan.

XOQ bu hisobotlar chop etilgandan keyin bir necha o‘nlab rossiyaliklarni Riodagi Olimpiadada ishtirok etishdan chetlatgandi.

Avgust boshida XOQ prezidenti Tomas Bax olimlar doping-sinovlar uchun probirkalar ochilgan bo‘lishi mumkinligini aniqlashning usulini topishganini ma'lum qilgan. Bu usul Sochidagi Olimpiadada probirkalar bilan turli firibgarliklar amalga oshirilganini isbotlashda yoki rad etishda yordam berishi kerak.

Ushbu holat tergovi yakunlangandan keyin XOQ Rossiya termasining 2018 yilgi Olimpiadada ishtirok etishi masalasini hal qiladi. Ushbu qaror noyabrdan kech bo‘lmagan muddatda e'lon qilinishi kerak, chunki bu vaqtda barcha sport turlarida qishki mavsum boshlanadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid