Jahon | 09:15
1535
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ruminiyaga javob chorasi sifatida konsullikni yopmoqda

Rossiya Ruminiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulligini yopish hamda ushbu diplomatik vakolatxona rahbari vazifasini bajaruvchi Laurensiu Konstantiniuni persona non grata deb e’lon qildi. Moskva bu qarorni Ruminiya tomonidan Rossiyaning Konstansa shahridagi Bosh konsulligi yopilganiga javob chorasi sifatida izohladi.

Foto: AP

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 25 iyun kuni Ruminiyaning Moskvadagi elchisi Kristian Istratega nota topshirib, Sankt-Peterburgdagi Ruminiya Bosh konsulligi faoliyati tugatilishi hamda konsullik rahbari vazifasini bajaruvchi Laurensiu Konstantiniu mamlakatdan chiqarilishini ma’lum qildi.

Rossiya TIV bayonotiga ko‘ra, ushbu choralar «Buxarestning Rossiyaning Konstansa shahridagi Bosh konsulligi faoliyatiga berilgan rozilikni asossiz ravishda bekor qilishi va uning rahbarini persona non grata deb e’lon qilishiga javob» hisoblanadi.

May oyi oxirida Ruminiya prezidenti Nikushor Dan Rossiyaning Konstansa shahridagi Bosh konsulligini yopish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Shu bilan birga, Rossiya bosh konsuli ham persona non grata deb e’lon qilingan.

Bunday qarorga Ruminiya sharqidagi Galats shahrida ko‘p qavatli turar joy binosiga Rossiyaga tegishli ekani aytilgan dronning qulashi sabab bo‘lgan.

Dron hujumi oqibatida ikki kishi jarohatlangan

29 mayga o‘tar kechasi Galats shahridagi ko‘p qavatli uy tomiga dron tushib, portlash sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 14 yoshli o‘smir va 53 yoshli ayol jarohat olgan, binodagi kvartiralardan birida yong‘in chiqqan.

Ruminiya Mudofaa vazirligi dron Rossiyaga tegishli bo‘lganini ma’lum qildi. Mamlakatning Favqulodda vaziyatlar xizmatiga ko‘ra, dronning portlovchi qismi to‘liq ishga tushgan. Ikki nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, 70 nafar aholi evakuatsiya qilingan va yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etilgan.

Buxarest ushbu voqeani xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi sifatida baholab, NATOdan mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirishni so‘ragan.

Reuters agentligining qayd etishicha, bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qo‘llanilayotgan dronlar natijasida NATOga a’zo davlatning zich aholi yashaydigan hududida odamlar jabrlangan ilk holat hisoblanadi.

Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi esa Rossiyaning Sankt-Peterburgdagi rumin bosh konsulini persona non grata deb e’lon qilish qarorini kutilgan javob chorasi deb baholadi. Vazirlikka ko‘ra, bu Buxarestning Konstansadagi Rossiya bosh konsuliga nisbatan qabul qilgan qaroriga javob hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid