Yigirma yil avval, 1997 yilning 15 sentabrida dasturchilar Larri Peyj va Sergey Brin Google qidiruv tizimi uchun google.com domenini ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Insoniyat tarixidagi eng muhim IT-kompaniyalardan birining tarixi shunday boshlangan.
Ta'kidlash joizki, Google bizning qidiruv tizimlariga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirdi. Bugungi kunda shuni ishonch bilan ta'kidlash mumkinki, Google — internetdagi eng ko‘p tashrif buyuriluvchi sayt.
Google kompaniyasi rasman 1998 yilning 4 sentabrida Kaliforniya shtatida, Menlo-Parkdagi garajda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
«Google» nomi yuzta nolli 1 raqamini bildiruvchi «gugol» so‘zidan kelib chiqqan. Kundalik hayotimizda tobora ko‘p qo‘llanilib borayotgan «to google» («gugllash» - izlash ma'nosini bildiradi) fe'li 2006 yilda Oksfordning ingliz tili lug‘atiga kiritilgan.
Mazkur qidiruv tizimi o‘zining oddiy interfeysi bilan internet foydalanuvchilarini jalb qilib kelmoqda. 2000 yilda Google reklama sotuvlarini boshladi. Boshqa raqiblaridan farqli o‘laroq, Google Internetning yangi bozoriga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
2014 yilga borib, Google 41 mamlakatda joylashgan 70 dan ziyod idorasiga ega bo‘ldi.

2015 yilda kompaniya qaytadan tashkil etildi: Google - Alphabet Inc'ning sho‘'ba kompaniyasiga aylandi va internetga tegishli bo‘lmagan ba'zi savdo markalarini mustaqil filiallarga ajratdi.
Vaqt o‘tgan sayin qidiruv tizimi o‘zining Gmail pochtasi, Google Maps xaritalari va yana o‘nlab bir-biriga integratsiyalashgan mahsulotlar bilan boyidi. Zero XXI asr qidiruv tizimi shunchaki qidiruv tizimidan kattaroq ahamiyatga ega bo‘lishi kerak - bu Google muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan yana bir saboq.
2000-2002 yillarda NASDAQ fond birjasining inqirozi kompaniyalar bozor qiymatining 5 trillion dollarga pasayishiga sabab bo‘ldi va ma'lumotlarga ko‘ra, 2004 yilga kelib faqat 48 foiz dotkom-kompaniyalargina omon qolgan.
Google bu vaziyatda nafaqat omon qoldi, balki investorlarga IT-bozorga bo‘lgan ishonchni qaytardi. 2004 yilning 18 avgustida kompaniya 1,67 milliard dollarni jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi, bu - o‘sha paytlar uchun misli ko‘rilmagan summa. Startapning bozor kapitalizatsiyasi 23 milliard dollardan ortiqni tashkil qildi. 271 million aksiyaning aksariyati Google tasarrufida qoldi va kompaniyaning ko‘p xodimlari bir zumda millionerga aylanishdi. Aktsiyalarning har biri 85 dollardan sotilgan. Bugun esa kompaniyaning bir aksiyasi deyarli 950 dollarni tashkil qiladi.


















