O‘zbekiston | 22:20 / 15.09.2017
17123
2 daqiqa o‘qiladi

Yuridik shaxslar «Avtotest»da malaka oshirishga majburligi qay darajada o‘rinli?

Foto: O‘zA

Yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malakasini oshirib, «Avtotest Report» sertifikatini olishi majburligi to‘g‘risidagi qaror va bunga aholining munosabati Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida o‘rtaga tashlandi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ham aynan shu qaror qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Nima uchun yuridik shaxslar aynan «Avtotest» maktabida malaka oshirishi kerak? Ular malaka oshirish kurslarini o‘zi istagan muassasada o‘tashi mumkinmi? 

Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov mazkur masalaga quyidagicha fikr bildirdi: 

«Nima uchun faqatgina bir tashkilotda malaka oshirish tavsiya etilgani, qiziq masala. Monopoliyani yodga soladi. Shu sababli, bu masalani tegishli idora vakillari bilan o‘rganish kerak, deb hisoblayman. Imkoniyati bo‘lsa, biz Ekspertlar kengashining majlisida tadbirkorlar, xorijlik ekspertlar bilan birgalikda muhokama qilib, hukumatga o‘z taklifimizni taqdim etamiz».

Ma'lumot o‘rnida: 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotranport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi belgilandi. Shuningdek, haydovchilarga malaka oshirgani to‘g‘risida «Avtotest Report» MChJ o‘quv kompleksining sertifikati topshirilishi nazarda tutilgan. Qarordan kelib chiqib, 2018 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini sertifikatsiz boshqargan haydovchilarga nisbatan ma'muriy javobgarlik joriy etiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid