Iqtisodiyot | 10:42 / 15.09.2017
42693
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda inflyatsion targetlash tartibi joriy etiladi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 sentabr kuni “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va aholi turmush darajasini yaxshilash uchun pul-kredit siyosatining mavjud vositalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etilgan.

Qaror bilan Markaziy bankning o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati maqsadlariga erishish mexanizmlari va prinsiplarni, jahondagi markaziy banklar tomonidan ichki narxlar barqarorligini ta'minlashda qo‘llaniluvchi inflyatsion targetlash tartibiga (Inflyatsion targetlash – bu o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya maqsadini belgilash va unga erishishga qaratilgan pul siyosati rejimi) qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklifi tasdiqlandi. 

Markaziy bank, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 2017-2021 yillar davrida pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish va inflyatsion target rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha ishlab chiqilgan Chora-tadbirlar majmui tasdiqlandi.

Markaziy bankka 2018 yil 1 martgacha pul-kredit siyosatini amalga oshirish va rivojlantirish o‘rta muddatli Kontseptsiyasini hamda konsepsiyani 2018-2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasini» ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi. 

Unda inflyatsion target rejimiga quyidagi yo‘llar bilan bosqichma-bosqich o‘tish nazarda tutilgan bo‘lishi kerak: 

umumiqtisodiy, soliq-byudjyet va pul-kredit siyosatini muvofiqlashtirish amaliyotini takomillashtirish, iqtisodiy o‘sish maqsadlari, davlat byudjyeti balansi va iqtisodiyotdagi narx darajasining barqarorligi bo‘yicha maqsadlar muvofiqligi hamda o‘zaro aloqalarini ta'minlashga alohida e'tibor berish;

likvidlikni taqdim etish va jalb qilish operatsiyalari bo‘yicha samarali foydalanadigan foizli pul-kredit siyosati vositalarini kengaytirish;
 
tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirish uchun bozor mexanizmlarini, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha keng qo‘llash;

makroiqtisodiy tahlil va prognozlarning eng yaxshi xorijiy tajriba modellariga muvofiq takomillashtirish;

pul-kredit siyosatining shaffofligi va oldindan taxmin qilinish imkoniyatini oshirish, jumladan, qo‘llaniladigan vositalar va olib boriladigan siyosatning asosiy maqsadlari to‘g‘risida axborot berish maqsadida jamoatchilik bilan munosabatlarni mustahkamlash.

Joriy yilning 1 oktabrigacha respublika moliya bozorini, shu jumladan, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada rivojlantirish Kontseptsiyasi loyihasi ishlab chiqilishi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid