Jamiyat | 21:06 / 21.09.2017
5337
2 daqiqa o‘qiladi

Mashhur opera qo‘shiqchisi Zurab Sotkilava vafot etdi

Foto: telegraf.com.ua

Moskvada mashhur opera qo‘shiqchisi, Katta teatr solisti Zurab Sotkilava hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Katta teatr bosh direktori Vladimir Urin ma'lum qildi. Sotkilava 80 yoshda bo‘lgan.

"Katta teatrning ajoyib artisti Zurab Lavrentevich Sotkilava vafot etdi. U umrining oxirigacha kurashib kelgan og‘ir kasallikka uchragan edi", deb aytgan Urin.

Tbilisi konservatoriyasi bitiruvchisi Sotkilava 1974 yildan Katta teatr solisti bo‘lib kelgan. U Sobiq ittifoq xalq artisti unvoniga ega bo‘lgan. Sotkilava jarohati tufayli sport faoliyatini yakunlashga majbur bo‘lgandan keyin musiqa bilan shug‘ullanishni boshlagan. 1950-yillarda "Dinamo" (Tbilisi) futbol klubida to‘p surgan. 2015  yilda unda saraton kasalligi aniqlangan.

Sotkilava bilan vidolashish marosimi uning vatani Gruziyada 23 sentabrda bo‘lib o‘tadi. Uning jasadi vataniga 21 sentabr ertalab yetkazilgan. Uning jasadini Tbilisi aeroportida milliy gruzin kiyimlaridagi faxriy qorovul kutib olgan. Marhum qo‘shiqchi Saburtalin qabristonida dafn etiladi.