Sport | 21:20 / 28.09.2017
24408
7 daqiqa o‘qiladi

Anchelotti ketdi. Uning o‘rniga kim keladi?

Foto: ESPN FC

«Bavariya» so‘nggi 6 yillik tarixida ilk marta murabbiyni o‘zi iste'foga chiqardi. Jamoa so‘nggi marta 2011 yilning aprelida Lui van Gaalni qoniqarsiz natijalar tufayli ishdan olgandi. Bu safar bu ish juda erta amalga oshirildi. Mavsum startiga endi bir oy bo‘lganida o‘tgan mavsum avvalida katta umidlar bilan olib kelingan Karlo Anchelotti ishonchni oqlay olmagani uchun ishdan ketdi.

Van Gaal va Karlo Anchelotti oralig‘ida jamoada Yupp Haynkess va Xosep Gvardiola ishladi. Ikki murabbiy ham shartnomasi tugaguniga qadar jamoada ishladi. Qaysidir ma'noda natijalarga erishdi. Haynkess jamoaga YeChL bosh sovrinini ham olib berishga muvaffaq bo‘ldi. Gvardiola davrini ko‘pchilik ikki xil talqin qiladi. U jamoadagi bor kuchni ham saqlab qola olmadi, nemischa xarakterdagi jamoani noodatiy xarakteri yo‘q jamoaga aylantirib qo‘ydi, deganlar ham topildi. Boshqa tomondan esa uning jamoa o‘yinini o‘stira olgani, ayniqsa alohida futbolchilarning o‘yinidagi keskin o‘sish (Myuller, Boateng, yoki Kimmixning kashf qilinishi) bunga misol qilib keltirildi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Pep jamoada shartnomasining oxirgi kunlariga qadar qoldi. Karlo bilan esa barchasi juda achinarli tugadi.

Albatta Anchelottining iste'fosiga birgina «PSJ»dan uchralgan mag‘lubiyatni asos qilib bo‘lmaydi. Shunchaki, jamoada «PSJ»ga qarshi uchrashuvga qadar ham muhit buzilgandi. Levandovski va Frank Riberining matbuotdagi isyonkorona chiqishlari ham bundan dalolat berib turardi. «PSJ»ga qarshi o‘yin esa barchasini yuzaga chiqardi.

Anchelotti davri kutilganidan ancha qisqa vaqtda tugadi. U o‘zi bilan birga bir karra bundesliga chempioni degan nomni olib keta oldi, xolos. Tabiiyki savol tug‘iladi. Endi kim keladi? «Bavariya»dagi bugungi holatni to‘g‘rilay olishi mumkin bo‘lgan murabbiy kim?

Villi Sanol

Foto: «Bavariya»

Barchasi oddiy, Anchelotti jamoadan ketgach, klubning sobiq futbolchisi, keyingi vaqtlarda Anchelotining yordamchisi bo‘lib ishlab kelgan Villi Sanol vaqtinchalik murabbiy etib tayinlandi. Ortiqcha bosh qotirishga hojat yo‘q. Jamoadagi futbolchilar ko‘proq Anchelottiga norozilik sabab o‘ynashni istamay qo‘yishgandi. Endi jamoa ichida 10 yildan ortiq vaqt davomida yurgan shaxs bilan kelishib ishlashadi va eng kamida mavsumni yakunlab qo‘yishadi. Kim biladi deysiz, «Lester»dagi Shekspir voqeasi takrorlanib, balki Sanol ham muvaffaqiyat qozonib ketar?

Yupp Haynkes — o‘t uchiruvchi rolida

Foto: «Bavariya»

Yana bir ideal variant - Yupp Haynkesni ma'lum muddatga ortga qaytarib turish. Hozirga qadar ko‘pchilik aynan Haynkes «Bavariya»ga haqiqiy nemischa futbolni qaytargan deb hisoblaydi va u hozir qaytib ham bu ishni uddalay olishiga ishonishadi.

Bundan tashqari, Haynkess jamoaga aynan mana shunday «yong‘in» paytlarida kelishga odatlangan. 2008 yilda Yurgen Klinsmanni bosh murabbiylikka tayinlab adashganini bilgan jamoa, uni tezda iste'foga chiqarib, Haynkesni yordamga chaqirgandi. Van Gaal ketganidan keyin 3 oy yangi mavsumni aynan Haynkess boshlab bergandi. Umuman so‘nggi ikki marta murabbiy muddatidan oldin bo‘shatilgan holatlarda jamoa rahbarlari «o‘t o‘chiruvchi» sifatida aynan Haynkesni qaytargandi. Lekin bu yerda boshqa masala ham bor. 4 yildan oshiqroq vaqt mobaynida hech qayerda ishlamayotgan, ayni vaqtda dam olayotgan va yana 4 yoshga qarigan Haynkes hozirgi holatdagi «Bavariya» bilan natijaga erisha oladimi, yoki yo‘q — bu katta so‘roq.

Tomas Tuxel

«Bavariya» qachongacha «Borussiya»dan faqat futbolchilarni sotib oladi? Murabbiy ham olsin, axir, to‘g‘rimi? Aytishingiz mumkin, hozir Tuxel «Borussiya»dan ketgan-ku deb. Bu ayni muddao. Birinchidan, u Dortmunddan ketganidan buyon boshqa joyda ishlagani yo‘q va hozir takliflar uchun ochiq turibdi. Shu ma'noda u bilan kelishish ancha oson.

Ikkinchidan, «Bavariya» ikkinchi marta xato yo‘l qo‘yishni istamay, «Borussiya» murabbiyida to‘xtalishi mumkin. Yodingizda bo‘lsa, 2008 yilda jamoada ikkita variant bo‘lgandi. Birinchisi, ikki yil oldingi mundial bronza medali sohibi Yurgen Klinsmann va ikkinchi variant «Maynts» bilan natijalar ko‘rsata olgan Yurgen Klopp. Myunxenliklar o‘shanda familiyasi uzunroq Yurgenni tanlagan va Klinsmann hattoki mavsum oxiriga qadar yetib bormagandi. «Borussiya»ga yo‘l olgan Klopp esa ikki marta chempion bo‘ldi. Bu safar «Maynts» va «Borussiya»da ishlagan, Kloppning tom ma'nodagi izdoshi orqali yangi davrni qurish mumkin.

Yulian Nagelsmann

Foto: Reuters

«Men «Hoffenhaym»da baxtiyorman, ammo, agar «Bavariya»da ishlash nasib qilganida yanada baxtiyor bo‘lgan bo‘lardim». Bundan bir oycha oldin aytilgan bu so‘zlar juda qisqa vaqt ichida amalga oshadi, deyishsa, Nagelsmann tugul «Bavariya»dagilar ham ishonishmagan bo‘lishi mumkin. Lekin bugungi kunga kelib, bu amalga oshishi haqiqatga yaqin bo‘lib turibdi.

Albatta, mutaxassislarning fikricha, Nagelsmanning «Bavariya» bosh murabbiyi bo‘lishi faqatgina vaqt talab qiladigan narsa. Chunki aynan u Myunxenga haqiqiy nemis futbolini qaytaradi degan fikr anchadan beri yuribdi. 30 yoshga endigina to‘lgan mutaxassis kamtar «Hoffenhaym» bilan qayd etayotgan natijalari tahsinga sazovor bo‘lmoqda. «Bavariya»dagi imkoniyatlar bilan uning katta natijalarga erishishiga ishonishmoqda.

Faqat bitta muammo Nagelsmann endigina boshlangan mavsumda «Hoffenhaym»ni birdaniga tashlab ketib, «Bavariya» chaqirsa, yugurib borib oladimi, yo‘qmi bunisi katta so‘roq ostida turibdi.

Azamat Murodov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid