«Qonunni buzgan, biroq o‘z qilmishi huquqqa xilofligini anglagan va tuzalish yo‘liga o‘tganini qat'iyatlik bilan namoyon qilgan shaxslarga jamiyat va o‘z oilasi davrasiga qaytish imkoni berilishi, o‘zbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining ro‘yobga chiqarilishi hisoblanadi».
Ushbu gap kuni-kecha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi F-5071-son farmoyishida aks etdi.
Mazkur farmoyish qabul qilingandan so‘ng, ko‘pchilikda «Prezident amnistiya chiqaribdi» degan, noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘ldi. Chunki aksariyat insonlar amnistiya va afv bitta narsa, shunchaki amnistiyaning o‘zbekchaga tarjimasi afv bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Bir qaraganda ular ko‘p ham noto‘g‘ri o‘ylashmayapti, sababi ikkalasining ham asosiy maqsadi bitta — mehr-shafqat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib jinoyat sodir etgan shaxsni kechirish va uni jazodan butunlay yoki qisman ozod qilishdir.
Biroq shunday bo‘lsada, bu ikki tushuncha bir-biridan farqlanadi. Quyida ularning eng asosiy 10ta farqi haqida ma'lumot olish mumkin.
1. Qo‘llanadigan shaxslar toifasi bo‘yicha
Afv – bu muayyan shaxslar uchun, ularning shaxsini tavsiflovchi ma'lumotlarni (yoshi, sog‘ligining holati, oilaviy ahvoli) inobatga olib jazodan ozod qilish hisoblanadi.
Amnistiya esa aniq shaxslarga emas, umumiy toifalarga e'lon qilinadi. Masalan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, ayollar yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etganlarga amnistiya akti qo‘llanildi, deylik. Bunda amnistiyaga necha kishi tushishi, kimlar tushishi oldindan aniq bo‘lmaydi. Afv hujjatida esa kimlarga qo‘llanilayotgani nomma-nom yoziladi (ayrim holatlar istisno, masalan, 16 fevral voqealarida qatnashib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganlarga afv e'lon qilingani kabi).
2. Qo‘llaniladigan shaxslar holati bo‘yicha
Afv faqat sud hukmi bilan jazo tayinlangan mahkumlarga e'lon qilinadi. Amnistiya esa jinoyat protsessining istalgan bosqichida - dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va hattoki jinoyat ishini qo‘zg‘atishgacha bo‘lgan bosqichda ham qo‘llanilishi mumkin.
Boshqacha aytganda, amnistiyaning afv etishdan farqli xususiyati shundaki, amnistiya keng mazmunga ega bo‘lib, shaxsni jinoiy javobgarlikdan ham, jinoiy jazodan ham ozod qiladi.







