Moskva viloyatida o‘zbekistonlik sartarosh yigit arzimas vaj bilan o‘ldirildi
Moskva viloyatida 24 yoshli o‘zbekistonlik sartarosh yigit Doston Adexonov mijoz tomonidan o‘ldirildi. Qisqacha Danya nomi bilan ma'lum bo‘lgan yigit oilasida yagona farzand bo‘lgan. U Moskvaga ishlagani kelgan. Endi Dostonning mijozlari uning jasadini onasiga yuborish uchun pul yig‘moqdalar. Yigitning o‘zga yurtda qarindoshlari bo‘lmagan.
O‘n gulidan bir guli ochilmagan yigit soch turmagidan norozi bo‘lgan mijozi tomondan Yangi Moskvada o‘ldirildi. Ushbu mudhish voqeani Rossiya Federatsiya kengashi a'zosi Anton Belyakov so‘zlab berdi. Vahshiy mijoz Dostonni ko‘chada kuppa-kunduzi guvohlar ko‘z o‘ngida kabob sihini qo‘llagan holda o‘ldirgan. U yigitning yurak sohasiga sih bilan uch marta zarba bergan.
Belyakovning ma'lum qilishicha, u bu voqea haqida marhum sartaroshning mijozi bo‘lgan Aleksey ismli do‘stidan xabar topgan. Belyakovning aytishicha, uning do‘sti Dostonning ishidan juda mamnun bo‘lgan: Doston o‘z ishini a'lo darajada uddalagan va bu xizmati evaziga uncha katta haq olmagan. Uning xizmat haqi odatda 200-250 rubl turgan. Danyaning o‘z kasbi ustasi bo‘lgani tufayli o‘ziga to‘q odamlar ham uning mijozlari bo‘lishgan.
"Danya Moskva viloyatidagi arzon garov sartaroshxonada ishlagan. Shu sababli ham narxlar past bo‘lgan. Danya "tilla qo‘llari"ga qaramay, yaxshiroq joyga ishga joylasha olmagan. Chunki Danya mehnat muhojiri bo‘lgan", deb yozmoqda Belyakov.
Oiladagi yagona farzand bo‘lgan Doston Moskvada kareraga erishmoqchi bo‘lgan, biroq endi uning orzulari armon bo‘lib qoldi.
Shu payshanba, 12 oktyabrda Doston yoniga bir erkak kelib, sochini olib qo‘yishni so‘ragan. Mijoz sochini oldirib bo‘lgach, 200 rubl to‘lab, sartaroshxonadan ketgan. Biroq u ertasiga qaytib kelib, unga soch turmagi yoqmaganini aytgan. Doston turmakni to‘g‘rilashga harakat qilgan, biroq mijoz yana turmakdan ko‘ngli to‘lmagan. Shunda mijoz Dostonni ko‘chaga olib chiqib, unga avvaldan tayyorlab qo‘ygan sihi bilan zarba bergan.
Ushbu holat tasvirlangan videoda Doston mijozdan qochayotgani, biroq mijoz unga yetib olib yurak sohasiga zarbalar berganini ko‘rish mumkin. Doston o‘zini himoya qilishga urinmagan va zarbalardan keyin yerga qulagan. Qotil razil ishini amalga oshirib, hech narsa bo‘lmagandek nariga keta boshlagan. Biroq ortiga qarab, Dostonning o‘rnidan turayotganini ko‘rib yana uning yoniga chopib kelgan. U Doston yana yiqilib tushganini ko‘rgach, voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.
Belyakov so‘zlari oxirida "bu razil qotil"ni politsiya qidirayotgani va uni topishda yordam berishni so‘ragan.
Bu voqeaning yana bir ayanchli tomoni shuki, voqea guvohlari bu qotillikni to‘xtatish uchun hech qanday urinishni amalga oshirishmagan.
Keyinroq ushbu jinoyat bo‘yicha Pavel ismli kimsa qo‘lga olingan. U qotillikni amalga oshirganini tan olgan. Qotil ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan. Ushbu jinoyat yuzasidan "Qotillik" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Ma'lum qilinishicha, jinoyatchi Kirov viloyatida yashagan. U avval ham o‘g‘riliklar qilgani va avtomobilni olib qochgani uchun ikki marta sudlangan bo‘lgan. U Moskva viloyatini tark etmoqchi bo‘lganda politsiya tomondan qisqa vaqt ichida ushlangan.
Mavzuga oid
19:42 / 19.04.2024
Sartarosh 10 sutkaga qamaldi
16:23 / 19.04.2024
“Qilgan ishimdan pushaymonman” – mijozning sochini kalga olib tashlagan sartarosh uzr so‘rab chiqdi
11:01 / 19.04.2024
Sartarosh mijozning sochini uning xohishiga zid tarzda kalga olib tashladi
14:24 / 03.03.2024