20:10 / 24.10.2017
52361

Jahon chempionatida «kutilmagan» mehmonlar

Foto: Fared Kotb / Anadolu Agency / Getty Images

Kelasi yili Islandiya va Panama terma jamoalari o‘z tarixlarida ilk bor mundialda ishtirok etadi, misrliklar esa, 28 yillik tanaffusdan so‘ng, bunday sharafga munosib bo‘lmoqda. Forbes.ru aksariyat futbol muxlislari uchun biroz begona bo‘lgan ushbu terma jamoalarga yaqindan nazar soldi va bu terma jamoalar qo‘yidagi ma'lumotlarni havola qildi. 

ISLANDIYa

Terma jamoa futbolchilarining umumiy qiymati – 59 million yevro (Transfermarkt.com asosida)

Yulduz futbolchi: Gulfi Sigurdsson – 25 million yevro

Bosh murabbiy: Xaymir Xadlgrimsson.

Islandiya terma jamoasi Yevro-2016 final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritganida, aksariyat mutaxassislar bu holatni turnir qatnashchilari soni oshishi bilan bog‘lashgandi. Yevropa chempionati tashkilotchilari ishtirokchilar sonini 16tadan 24taga ko‘tarishgan edi. Ammo Fransiya maydonlarida islandiyaliklar aksini isbotladilar va deyarli barcha betaraf muxlislar ularni yaxshi ko‘rib qolishdi. Terma jamoa guruhdan chiqib, 1/8 finalda Angliyani yengishni uddalashdi va chorak finaldagina maydon egalariga imkoniyatni boy berib, turnirni tark etishdi.

Bularning hammasini murabbiyi stomatolog, darvozaboni turli reklama roliklari va musiqiy kliplar rejissyori, sardori esa, 15 yil handbol bilan jiddiy shug‘ullangan jamoa uddalagandi.

Shunday bo‘lsa ham, Islandiyaning jahon chempionatiga chiqishiga ko‘pchilik ishonqiramagandi. Islandlar bilan bir guruhda Xorvatiya, Turkiya va Ukraina kabi jamoalar joy olgandi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma esa, faqat bir dona. Ammo bu safar ham qahramonlar vazifani uddalashdi – himoyadagi intizom, samarali qarshi hujumlar va albatta, mahalliy muxlislarning (hal qiluvchi o‘yinda mamlakat prezidenti o‘yinni stadionda, oddiy muxlislar qatorida tomosha qildi) qo‘llab-quvvatlashlari Islandiyaning asosiy quroliga aylandi. Turnirdagi jamoa to‘purari esa, yarim himoyachi Gulfi Sigurdsson bo‘ldi.  

 

MISR

Terma jamoa futbolchilarining umumiy qiymati – 78 million yevro (Transfermarkt.com asosida)

Yulduz futbolchi: Muhammad Saloh – 35 million yevro

Bosh murabbiy: Ektor Kuper (Argentina)

Misrliklar 1990 yildan buyon jahon chempionatida ishtirok etmagandi. Shu tufaylimi, bu natijani butun mamlakat bayram qildi, davlat boshlig‘i esa har bir futbolchiga 85 ming yevrodan mukofot pullari va'da qilib yubordi.

«Men bu barcha futbolchilar bilan faxrlanaman», – dedi tantanali qabul marosimida Misr prezidenti Abdul Fattoh As-Sisiy – «ammo Muhammad Salohni alohida ta'kidlayman – undan hal qiluvchi penaltini tepishga jazm etish uchun ulkan jasorat talab etilardi».

O‘shanda, Kongo bilan o‘yinda hisob 1:1 bo‘lib turganida, hakam mehmonlar darvozasiga penalti belgiladi. Yozda «Liverpul»ga 42 million yevro evaziga o‘tgan yarim himoyachi penaltini aniq amalga oshirdi va shu gol tufayli Misr muddatidan oldin mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Bu natija esa, o‘z navbatida 2015 yildan buyon misrliklar bosh murabbiyi Ektor Kuper uchun ham yana bir muvaffaqiyatdir. Argentinalik mutaxassis o‘z vaqtida «Valensiya»ning ikki marta Chempionlar Ligasi finaliga olib chiqqan, shuningdek, «Inter» jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan.

Jamoaning asosiy yulduzlari, yuqorida tilga olingan Muhammad Saloh (5 gol va 2 golli uzatma), shuningdek, «Arsenal» yarim himoyachisi Muhammad El-Nenni va «Aston Villa»da to‘p suradigan Ahmad Al-Muhammadini alohida qayd etish lozim. Jamoa asosini esa, Misr Ligasi vakillari tashkil qiladi. Rossiyadagi mundial ular uchun ham dunyo skautlarini o‘zlariga qaratish va yaxshi klublar bilan shartnomalarga ega bo‘lish uchun imkoniyatdir.

 

PANAMA

Terma jamoa futbolchilarining umumiy qiymati – 8 million yevro (Transfermarkt.com asosida)

Yulduz futbolchi: Gabriyel Torres – 750 ming yevro

Bosh murabbiy: Ernan Dario Gomes (Kolumbiya)

Shimoliy Amerika mintaqasidagi saralash o‘yinlarining so‘nggi turi trillerga aylanib ketdi. Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun, amerikaliklar guruh autsayderi Trinidad va Tobago terma jamoasi bilan durang o‘ynashlari kifoya edi, ammo mag‘lub bo‘lishdi. Shu bilan birga, Honduras va Panama terma jamoalari mos ravishda Meksika va Kosta-Rika ustidan g‘alaba qozonishdi. Natijada, 32 yildan beri birinchi marta AQSh mundial tashqarisida qolib ketdi.

Honduras o‘tish o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda, Panama esa, yo‘llanmani naqd qildi va o‘sha kunni rasmiy bayram kuni sifatida e'lon qildi.   

Ernan Dario Gomes uchun bu muvaffaqiyat birinchisi emas, u 1998 yilda Kolumbiyani, 2002 yilda Ekvadorni jahon chempionati final bosqichiga olib chiqqan. Jamoa sardori 33 yoshli Gabriyel Gomes faoliyati davomida 15 klubda va uch qit'ada o‘ynab ulgurgan. U jamoaning yaqqol yetakchisidir – Panama libosida 136 o‘yinda maydonga tushgan – bu mamlakat futboli uchun rekord natija. Gomesning uch yil Portugaliyaning «Belenensesh» klubida o‘ynaganini alohida ta'kidlash joiz. To‘g‘ri, u qadar mashhur jamoa emas, lekin panamalik futbolchilar o‘lchovlarida Portugaliya chempionatining bahosi yuqori va bu tajriba Gomesga mundialda qo‘l kelishi turgan gap.

Panama terma jamoasining ikkinchi muhim futbolchisi hujumchi Gabriyel Torresdir. Transfermarkt bekorga uni 750 ming yevroga baholayotgani yo‘q – saralash o‘yinlarida u 3 gol muallifi bo‘ldi, xususan o‘sha mashhur bo‘lib ketgan gol-fantom ham uning hisobiga yozilgan. Esingizda bo‘lsa, Kosta-Rikaga qarshi o‘yinda takroriy lavhalar to‘pning darvoza chizig‘ini kesib o‘tmaganini ko‘rsatgan, ammo hakam golni hisoblagan edi.

Mavzuga oid
Top