Jahon | 22:30 / 16.04.2026
1040
8 daqiqa o‘qiladi

Saudiya, BAA, Misr. Eron urushiga uch xil yondashuv

Bir necha hafta oldin Saudiya Arabistoni va BAA AQShdan Eronga qarshi amaliyotni oxiriga yetkazishni so‘rayotgani haqida ma’lumotlar sizdirilgan edi. Lekin keyinroq vaziyat o‘zgarib, ularning pozitsiyasida ehtiyotkorlik ustun bo‘la boshladi. Ayni paytda, Saudiya va BAA arab dunyosida alohida mavqega ega Misrdan ham xursand emas.

Eron urushi fonida Yaqin Sharqdagi manfaatlar manzarasi – Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida.

— Nega Saudiya Arabistoni AQShdan Ho‘rmuz blokadasini to‘xtatishni so‘rayapti?

Jahongir Akramov: Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining Eronga nisbatan munosabati jiddiy bo‘lib qolmoqda, ular Ko‘rfaz mintaqasida Eronga raqib sifatida qaraydi. Bu qarama-qarshilikni faqat mazhabiy (shia-sunniy) doirada emas, balki kengroq geosiyosiy kontekstda tushunish kerak.

Masalan, Iroq yoki Suriyada shialarning hokimiyat tepasiga kelishi Eron ta’sirining kuchayishiga olib keladi degan xavotirlar mavjud edi. Shu sababli, etnik jihatdan arab, ammo mazhaban shia bo‘lgan hududlarda Eron ta’sirining ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ma’lum darajada muvofiqlashtirilgan harakatlar kuzatilgan.

Shuni unutmaslik kerakki, Eronning haddan tashqari kuchayishi Saudiya Arabistoni manfaatlariga zid.

Biroq urush boshlanganidan beri Ar-Riyod masalaning harbiy yo‘l bilan emas, balki boshqariladigan tarzda hal etilishini istaydi. Donald Tramp siyosati esa ular kutgandek natija bermayapti. Aksincha, Vashingtonning harakatlari mintaqadagi vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkinligi Saudiya Arabistonida xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois “avval Ho‘rmuz bo‘g‘ozi muammosini barqarorlashtiraylik, keyin Eron bilan vositachilar – Turkiya, Pokiston yoki Misr orqali kelishuvga erishamiz”, degan qarashlar kuchaymoqda.

Saudiya Arabistoni rahbariyati, xususan, Muhammad bin Salmon atrofidagi tahliliy institutlar ehtimoliy xavflarni puxta hisoblab chiqishga harakat qiladi. Ular Eronning geosiyosiy imkoniyatlari yuqori ekanini yaxshi biladi. Bu imkoniyatlardan biri – Bob al-Mandab bo‘g‘ozi bilan bog‘liq. Mazkur bo‘g‘oz Suvaysh kanaliga kirish yo‘li bo‘lib, Qizil dengizni Hind okeani bilan bog‘laydi.

Agar bu yo‘lak yopilsa, nafaqat Misr, balki Saudiya Arabistoni iqtisodiy manfaatlariga ham jiddiy zarba yetadi. Saudiya neft eksportining muhim qismi Qizil dengiz portlari orqali, quruqlik quvurlari yordamida amalga oshirilishini hisobga olsak, bu xavf yanada muhimlashadi. Agar Yaman husiylari urushga to‘liq kirsa va bo‘g‘ozni yopishga harakat qilsa, Saudiya Arabistonining iqtisodiy salohiyati sezilarli darajada zarar ko‘rishi mumkin.

Biroq hozircha husiylar to‘liq miqyosda urushga qo‘shilgani yo‘q. Bu esa Eronning ehtiyotkor strategiyasini ko‘rsatadi: u qarama-qarshilik uzoq davom etishini hisobga olib, bu imkoniyatni “zaxira karta” sifatida saqlab qolmoqda. Donald Tramp iborasi bilan aytganda, Eron keyingi zarbalar uchun yana bir “kuziri”ni asrab turibdi.

Shu sababli, mintaqada “boshqariladigan xaos” strategiyasi ustun, ya’ni keskinlik mavjud, ammo u to‘liq nazoratdan chiqib ketmasligi kerak. Chunki vaziyatning izdan chiqishi Saudiya Arabistoni manfaatlariga mos kelmaydi.

BAAga kelsak, uning pozitsiyasi Saudiya Arabistoninikidan farq qiladi. Saudiya nisbatan mo‘’tadil va diplomatik yechim tarafdori bo‘lsa, Amirliklar ancha qat’iy pozitsiyani egallagan. Bu ayniqsa Abu Muso, Kichik Tonb va Katta Tonb orollari atrofidagi hududiy bahslar bilan bog‘liq. Amirliklar bunday tarixiy imkoniyat yana takrorlanmasligini hisobga olib, keskinroq siyosat yuritishga moyil.

Shunga qaramay, yakuniy muvozanatni belgilayotgan omillardan biri – Misr pozitsiyasidir. Misrning nisbatan bosiq va urushga qarshi yondashuvi Saudiya Arabistoni va Amirliklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilikdan tiyib turmoqda. Chunki bu ikki davlatning harbiy salohiyati Misrnikidek emas. Misr tarixan Isroil, Buyuk Britaniya va Fransiya bilan urush tajribasiga ega. Saudiya Arabistoni va Amirliklar esa asosan Yamandagi harbiy operatsiyalar bilan cheklangan tajribaga ega.

Mintaqadagi vaziyat murakkab muvozanatga asoslangan, har bir tomon o‘z manfaatini himoya qilgan holda, keng ko‘lamli urushdan qochishga harakat qilmoqda.

Sanjarbek Rashidov: Bob al-Mandab bo‘g‘ozi tobora strategik ahamiyat kasb etib, hatto Ho‘rmuz bo‘g‘oziga o‘xshash ikkinchi global “qaynoq nuqta”ga aylanishi mumkin. Buning bir necha sabablari bor. Avvalo, bor-yo‘g‘i 26,5 kilometr kenglikdagi bu bo‘g‘oz harbiy jihatdan juda zaif hudud hisoblanadi, ya’ni Yaman husiylarining raketa tizimlari uning deyarli istalgan nuqtasiga bemalol yetib borishi mumkin.

Bugungi kunda Saudiya Arabistoni urushgacha bo‘lgan neft eksporti hajmini sezilarli darajada tiklashga erishdi. Bu qanday amalga oshirildi, degan savol tug‘iladi, ayniqsa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq xavflar mavjud bo‘lgan sharoitda. Aslida bu natija aynan Bob al-Mandab yo‘nalishidan foydalanish evaziga qo‘lga kiritildi.

Saudiya Arabistoni majburan eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qildi: neft zaxiralari cho‘l hududlari orqali Qizil dengiz portlariga yo‘naltirildi va shu orqali eksport hajmi 70–80 foizgacha tiklandi. Ma’lumki, Saudiya Arabistoni dunyodagi eng yirik neft eksport qiluvchi davlatlardan biri. Agar hozir ikkala asosiy yo‘nalish – ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozi, ham Bob al-Mandab bo‘g‘ozi bir vaqtning o‘zida blokadaga uchrasa, bu nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun jahon iqtisodiyoti uchun misli ko‘rilmagan zarba bo‘ladi.

Bunday holat Saudiyaning ichki siyosiy barqarorligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki iqtisodiyot hanuz neft daromadlariga katta darajada bog‘liq. Shu bilan birga, Ko‘rfaz monarxiyalari aholisi yuqori turmush darajasiga o‘rganib qolgan. Ular keng ko‘lamli urushlarga tayyor emas va bunday ssenariyni istamaydi.

Eron esa, aksincha, uzoq yillardan beri sanksiyalar sharoitida yashab kelmoqda, doimiy tashqi bosimni his qilib kelgan va shu sababli harbiy-siyosiy safarbarlik darajasi yuqori davlat sifatida shakllangan.

Qiziq jihati shundaki, “Bob al-Mandab” nomi arab tilidan tarjima qilinganda “motam darvozasi” yoki “ko‘z yoshlar eshigi” degan ma’noni anglatadi. Agar Yaman husiylari Eron tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanib, Qizil dengiz orqali o‘tuvchi savdo yo‘llarini yopishga kirishsa yoki tanker va savdo kemalariga hujum qilsa, bu global miqyosda jiddiy iqtisodiy va siyosiy inqiroz – tom ma’noda “motam davri” boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

***

Suhbatda Misrning Ko‘rfaz arab davlatlari va Isroil bilan munosabatlari hamda Eron urushi borasidagi pozitsiyasi haqida ham so‘z bordi. To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid