O‘zbekiston | 23:51 / 27.10.2017
16918
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda xususiylashtirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari tahlil qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 oktabr kuni xususiylashtirilgan davlat mulki negizida xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini yangi sifat darajasiga ko‘tarish, xususiylashtirilgan tadbirkorlik sub'yektlarini samarali qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchici, Bosh vazir o‘rinbosari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. Davlat xizmatlari ko‘rsatishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri zamonaviy interaktiv shakllari joriy etilmoqda. Davlat organlari bilan ishbilarmonlar o‘rtasida tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini yuksaltirishning muhim omili sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni izchil qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishonchli huquqiy kafolatlar tizimi yaratildi. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xususiy mulkchilik va tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan aholi vakillariga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilangan. 

Prezidentimiz viloyatlarga tashrif chog‘ida xususiylashtirilgan korxonalar egalari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmayotgani, korxonalarni uzoq muddatli rivojlantirish bilan shug‘ullanmayotgani, ixtisoslashgan ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilmayotgani, mahsulotlar raqobatbardoshligini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega zamonaviy texnologiyalar joriy etmayotganini tanqid qildi. 

Mamlakatimizda xususiylashtirilgan korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini soliq, iqtisodiyot va statistika organlari bilan birgalikda muntazam tahlil qilib borish, faoliyat ko‘rsatmayotgan, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni, bo‘sh yotgan va samarasiz foydalanilayotgan obektlar hamda yer uchastkalarini aniqlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan. 

Bu borada ilgari xususiylashtirilgan qariyb 40 ming obekt o‘rganilib, ularning 3 ming 900 tasi bo‘sh turgani yoki to‘liq ishlatilmayotgani aniqlangan. Ushbu obektlarning 2 700 tasi faoliyatini qayta tiklash yoki ular negizida yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etish bo‘yicha loyihalar va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. 

Ushbu loyihalar doirasida 2,7 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 25 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Bugungi kungacha 420 korxona faoliyati qayta tiklandi, yil yakunigacha yana 1 800 obektda ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yiladi. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 18 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim omil bo‘lmoqda. 

Yig‘ilishda davlat qo‘mitasi tomonidan bajarilgan ishlar tahlil qilinar ekan, korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va modernizatsiyalash, yangi ish o‘rinlari yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash ko‘lamini kengaytirish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va tijorat banklaridan kredit ajratilishida ularga ko‘maklashish maqsadida xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirishning “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar qoniqarsiz, deb baholandi. 

Mutasaddilarga mulk egalari bilan birgalikda ishlamay turgan 1 ming 200 obekt faoliyatini tiklash va rivojlantirish yuzasidan loyihalar va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishni ta'minlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Joriy yilda 408 davlat obekti xususiy mulkdorlarga sotilgan. Ularning 278 tasi 1,6 trillion so‘mlik investitsiya kiritish va 10 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish sharti bilan “nol” qiymatida berilgan. 

Bugungi kunda yana 388 davlat obekti sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 161 tasini “nol” qiymat bo‘yicha berish rejalashtirilgan. 

Yig‘ilishda xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati va moliyaviy-iqtisodiy ahvolini monitoring qilish, ularni kredit va moddiy resurslar bilan ta'minlash, mavjud muammolar va ularning sabablarini aniqlash, muhandislik ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklash, bozor topishda tadbirkorlarga amaliy ko‘mak berish masalalariga davlat idoralari tomonidan yetarlicha e'tibor qaratilmayotgani ta'kidlandi. 

Raqobat muhiti va qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish, iste'molchilar huquqlarini muhofaza qilish, birja faoliyatini litsenziyalash, zamonaviy kadrlarni tizimli tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, sohaga eng rivojlangan davlatlar tajribasini tatbiq etish kabi masalalar muhokama qilindi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, istiqbolga belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid