Jamiyat | 20:20 / 30.10.2017
23885
4 daqiqa o‘qiladi

“Igor” nima uchun yemagan somsasiga pul to‘ladi?

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Amaldagi qonun hujjatlari talablariga binoan, pornografik mazmundagi mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlangan. Shunga asosan joriy yilning o‘tgan davrida Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 70 ta holatda 8 ming 281 dona pornografik mazmundagi videolavhalar, o‘yin kartalari va suratlar bojxona chegaralari orqali mamlakatga olib kirilishining oldi olindi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Shuni ham qayd etish kerakki, mazkur huquqbuzarlik holatlarini sodir etgan fuqarolar orasida o‘zgalarga tegishli buyumlarni olib kelib, yakunda pushaymon va afsus girdobida qolayotganlar ham uchrab turibdi.

Misol uchun, Nishon tumani Paxtaobod mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Jalajin qishlog‘ilik E.H. Rossiya Federatsiyasidan Moskva-Qarshi yo‘nalishidagi 995-sonli aviareys bilan Qarshi xalqaro aeroportiga kelganida, unga tegishli yuklar xolislar ishtirokida belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Uning qo‘l yuklari orasida bo‘lgan “Samsung J1” markali qo‘l telefoni xotirasida mamlakatga olib kirish taqiqlangan 50 dona pornografik mazmundagi videolavha borligi aniqlandi.

Rossiyada “Igor” nomini olgan E.H. bu telefonni unga o‘zi bilan birga ishlagan Otabek ismli tanishi xotiniga sovg‘a sifatida berib yuborganini, uning xotirasida nima bor-yo‘qligi bilan qiziqmaganini ma'lum qildi. Agar bu bir bahona bo‘lsa, u telefonni axloqsiz tasvirlardan tozalashi, agar chindan ham birovniki bo‘lsa, tegishli nazoratdan o‘tishini hisobga olib, telefondagi materiallar haqida zarur ma'lumotlarni bilib olishi darkor edi. 

Nima bo‘lganda ham u e'tiborsizlikka yo‘l qo‘ydi. O‘ziga tegishli bo‘lmagan buyumni so‘rab-surishtirmasdan olib keldi. Mas'uliyatni bo‘yniga olgan ekan, demak, javob ham berishi kerak.

Yakunda mazkur huquqbuzarlik holati uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining qarori bilan E.H.ga nisbatan 748 ming 875 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Huquqbuzarlik ashyosi hisoblangan “Samsung J1” markali qo‘l telefoni nopok tasvirlardan tozalanib, davlat egaligiga o‘tkazildi.

Fuqarolar shuni bilib olishlari kerakki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 1997 yil 10 oktabrdagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, pornografik mazmundagi mahsulotlarni mamlakatimiz hududiga olib kirish taqiqlangan.

Shuningdek, 2012 yil 12 apreldagi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, unga muvofiq pornografik hamda zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish kabi harakatlar uchun jazo choralari keskin kuchaytirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid