O‘zbekiston | 19:40 / 31.10.2017
47502
6 daqiqa o‘qiladi

«Oliy ta'lim» o‘gaymi?

Mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta'lim tizimida ham ijobiy islohotlarga qo‘l urildi. Buni ta'lim tizimini tubdan yaxshilash va rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan qabul qilingan va qabul qilinayotgan hujjatlarda ham ko‘rish mumkin.

Har bir soha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi va bunday hujjatlar asosiy dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Yurtimizda ta'lim tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida yo‘l qo‘yilishi bilan bir qatorda, ta'limning har bir bosqichi to‘g‘risida alohida Nizomlar qabul qilingan. Bunday Nizomlarda ta'lim bosqichini tashkil etish tartiblari belgilangan. Bular quyidagilar:

  1. bog‘chalar faoliyati - Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 528-son qarori bilan tasdiqlangan «Davlat maktabgacha ta'lim muassasasi to‘g‘risida»gi Nizom bilan;
  2. maktablar faoliyati - Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida»gi Nizom bilan;
  3. kollej-litseylar faoliyati - Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 6 iyuldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi to‘g‘risida»gi Nizom bilan;
  4. doktorantura faoliyati - Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim to‘g‘risida»gi Nizom bilan.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi ro‘yxatda «Oliy ta'lim to‘g‘risida»gi Nizomni qayd etmadik. Chunki bu nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinmagan.

«Oliy ta'lim to‘g‘risida»gi Nizom 2003 yil 9 yanvar kundagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining 9-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.

Ha, to‘g‘ri, biz vazirlik o‘zidan-o‘zi Nizom qabul qilib olgan demoqchi emasmiz. Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgustdagi 343-sonli qarorida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga oliy ta'lim tizimi uchun normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan «Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizom»ni ishlab chiqish va tasdiqlash topshirig‘i yuklatilgan.

Lekin gap masalaning huquqiy tomonidan emas, aksincha ijtimoiy ahamiyatida. Axir ta'limning eng muhim bosqichi hisoblangan oliy ta'limi tizimini tartibga soluvchi, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilab beruvchi qoidalar vazirlik tomonidan belgilanishi bugungi kun talabiga javob beradimi? Kamida Vazirlar Mahkamasi yoki kerak bo‘lsa Prezident tomonidan tasdiqlanishi maqsadga muvofiq emasmi?

Tasavvur qiling, biror OTM rektori Nizom talablarini buzsa, u nari borsa vazirning buyrug‘iga rioya qilmagan bo‘ladi, xolosmi? Lekin maktab direktori yoki bog‘cha mudirasi Nizom bo‘yicha kamchilikka yo‘l qo‘ysa, u Respublika Bosh vaziri tasdiqlagan hujjatga qarshi borgan bo‘ladi. Farqni ko‘ryapsizmi?

Bu masalaning bir tarafi. Tanganing boshqa tomoni ham bor.

Kuni kecha o‘zining 29 yoshini qarshilagan «Davlat tili haqida»gi Qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi va e'lon etilishi belgilab qo‘yilgan.

Nafaqat ta'lim tizimida, balki butun insoniyat olamida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berayotgan bir zamonda O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta'lim tizimini tartibga soluvchi Nizom qariyb 15 yildirki, faqat rus tilidagi matni bilan yashamoqda. Hanuzgacha «Oliy ta'lim to‘g‘risida»gi Nizomning rasmiy o‘zbekcha varianti yo‘q. Shu kungacha Nizomga bir necha bor o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilgan va o‘sha o‘zgarishlar ham faqat rus tilida qabul qilinadi.

Endi bunisi necha puldan tushdi? Oxirgi paytlarda ommaviy axborot vositalarida oliy ta'lim tizimi, undagi kirish imtihonlari haqida ko‘plab tanqidiy chiqishlar e'lon qilinmoqda. Oliy ta'lim tizimini tubdan isloh qilish vaqt kelgani, sohada jiddiy choralar ko‘rilishi lozimligi bot-bot ta'kidlanayotgan bir paytda, eng avvalo ishni asosiy hujjatni o‘zbekchalashtirishdan boshlash lozim.

Yuqoridagilarga ko‘ra, «Oliy ta'lim to‘g‘risida»gi Nizomni yangi tahrirda, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadigan ko‘rinishda va asosiysi o‘zbek tilida qabul qilinishini taklif qilib qolamiz.

P/S: mabodo haqiqatdan Oliy ta'lim vazirligi «Davlat tili haqida»gi qonunni hurmat qilgan holda normativ-hujjatlarni o‘zbekchalashtirishga kirishsa, unda 2004 yil 10 mart kuni faqat rus tilida qabul qilingan «Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»ni ham o‘zbek tilida yangidan qabul qilishlarini so‘rar edik. Yuz minglab talabalarga stipendiya to‘lash jarayonini tartibga solsayu, lekin uning o‘zbekcha varianti bo‘lmasa... G‘alatimasmi?

Dilshod Abduqodirov, huquqshunos

Mavzuga oid