O‘zbekiston | 21:43 / 22.10.2024
11437
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zimiz o‘zbek tilini yaxshi bilmaymiz” – faollar davlat tili mavqeyi haqida nima deydi?

Hozirgi kunda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 60 milliondan oshdi, xorijiy davlatlardagi 50 dan ortiq oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda. Biroq O‘zbekistonda davlat tili mavqeyi, uning obro‘si haqida faqat bir sana — 21 oktyabr kuni gapiriladi. Kun.uz nega davlat tili faqat bir kun eslanadigan holatga kelganini tahlil qilish uchun jamoatchilik faollariga mikrofon tutdi.

O‘zbekiston mustaqilligiga 33 yil, o‘zbek tilining davlat tiliga aylanganiga esa 35 yil to‘ldi. Lekin ona tilining mavqeyi uchun hali faxrlanadigan natijalarga erishganimiz yo‘q. Jamiyatda o‘zbek tili emas, o‘zga tillarda gapirganlarga madaniyatli va ziyoli deb qarash kayfiyati davom etmoqda.

O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘zbek tili oldida qarzlarimiz ko‘pligini, uzoq yillar ona tilimiz qorong‘i xonada taqiqlar ichida qolganini ta’kidlaydi. “O‘zbek tilining ilmiy rivojlanishi uchun asoslarni kesib tashlashdi, boshqa ajnabiy tillarga ustuvorlik berildi”, — deydi rektor.

Jurnalist Gulnoza Husanova o‘zbek bo‘la turib har bir gapiga ikkita xorijiy so‘zlarni qo‘shib gapiruvchilardan g‘ashim kelishini aytadi:

O‘zbek tilini onaga qiyoslab, ona tili deymiz. Men bir necha xorijiy tillarni biladigan odamlarni hurmat qilaman. Lekin o‘zbek bo‘la turib har bir gapiga ikkita xorijiy so‘zlarni qo‘shib gapiruvchilardan g‘ashim keladi. Jurnalist bo‘lganim uchun ko‘p parvoz qilaman, lekin har safar ruscha talaffuz bilan o‘zbek tilida so‘zlovchi bort kuzatuvchilaridan jahlim chiqadi. Nahotki, o‘zbek bo‘la turib, ikki og‘iz gapni eplab gapirolmaydi. Nega aviakompaniya bunday xodimlarni ishga olishdan avval ularning o‘zbek tilidagi savodxonligini tekshirmaydi?”, — deydi jurnalist.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev “Sovet ittifoqidan qolgan kampaniyabozlik haliyam davom etmoqda, til haqida 21 oktyabr til bayramida gapiramiz”, — deya ta’kidlaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, odamlarning o‘zbek tiliga rus tilidagi so‘zlarni qo‘shib gapirishi – uzoq yillik mustamlakachilik siyosati oqibati.

Lekin davlat tilini bilmaslik, qonun-hujjatlarda, rasmiy ish yuritishda o‘zbek tilining cheklanishi – qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Hattoki, qonunlar ikki tilda qabul qilingan va asosiy manba sifatida rus tilidagi variantga qaralgan. Rus tilidagi qonun birinchi tayyorlangan va keyin o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Qandaydir tushunmovchilik bo‘lsa, rus tilida to‘g‘rilangan va keyin ona tilimizga ko‘chirilgan. Deputatlik vaqtimda bu holat mening juda jahlimni chiqarardi. Bizda yuqori darajadagi rahbarlar rus tilida muloqot qilgani uchun shunday qabul qilinardi va xalq irodasi inobatga olinmagan. Masalan, bir qonunni o‘zgartirganmiz. O‘zbek tilidagi versiyasi to‘g‘ri, lekin rus tilidagisining bir so‘zi xato ketib qolgan ekan. Shuning uchun alohida qonun qabul qilingan”, — deydi Kusherbayev.

Gulnoza Husanova fikricha, til bu siyosiy tushuncha. Millatning birligi va borligi tilning ahamiyati va mavqeyi bilan ham o‘lchanadi. Sherzodxon Qudratxo‘ja esa davlatning zodagon elitasi o‘zbek tilida gapirishi lozimligini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari rektor shahar ko‘chalaridagi e’lonlarning o‘zga tillarda ekani, ovqatlanish shoxobchalarida o‘zbek tilida emas, asosan chet tilida taomnomalar bo‘lishi, turli xizmat ko‘rsatish kompaniyalarining xodimlari davlat tilida gapirishni istamasligini jiddiy tanqid qildi.

Faollar bilan suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid