Egri yo‘lda ushalgan «orzular»
Yaxshi orzular insonni hamisha komillikka yetaklaydi. Oramizda ba'zi kimsalar borki, o‘z orzulariga nopok yo‘llar bilan erishishga harakat qiladilar. Sherzod Shokirov bilan Stefan Pak (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham orzulariga mehnatsiz va mashaqqatsiz yetishga harakat qilib, jinoyat ko‘chasiga kirdilar. Firibgarlikni o‘zlariga kasb qilgan bu kimsalar 2015 yil 21 oktabrdan 2016 yil yanvar oyiga qadar fuqarolar Doston Rustamov, Nazar Xusanov, Anvar Polvonov, Yashar Hamroyevlarning ishonchiga kirib, ularni aldab, pullarini qo‘lga kiritdilar, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.
Jumladan, Sherzod bilan Stefan o‘zlarini ishbilarmon kishilardek ko‘rsatib, chet elda ishlashni maqsad qilgan fuqarolarga Janubiy Koreyada daromadli ish borligini aytishadi. Sherzod sherigi Stefanni Janubiy Koreya Respublikasida joylashgan “Posko” kompaniyasining xodimi, deb tanishtiradi. Ularning tuzog‘iga tushgan D.Rustamovni Inchxon shahridagi to‘qimachilik fabrikasida ish borligiga va u yerda 1500 AQSh dollari miqdorida maosh olishiga ishontiradi. Bu shaxslar D.Rustamovdan jo‘natish xarajatlariga, deb 2 ming 900 AQSh dollari olishadi. Biroq va'da amalga oshmay qolaverdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, firibgarlar xuddi shu yo‘l bilan Nazar Xusanovning ishonchiga kirishdi. Uni ham Koreyada yaxshi maosh to‘laydigan ish borligiga qiziqtirib, dastlabki xarajatlarga, deya Nazardan 4 ming 550 AQSh dollari olishdi. Pullar qo‘lga kiritilgach esa lafzlarini unutdilar.
Yolg‘on va'dalarga ishongan Anvar Polvonov ham ushbu kimsalarning “qarmog‘i”ga osongina ilindi. “Mohir” firibgarlar unga Janubiy Koreya Respublikasining Guanchju shahridagi kema ishlab chiqaradigan zavodda ish borligini aytishdi. “Xizmat haqi”ga esa Anvardan 5 ming AQSh dollari olishdi. Mo‘may pulni qo‘lga kiritgan firibgarlar mablag‘ni o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab, va'dalarini unutdilar.
“Mijoz”larining soni ortib borayotganidan xursand lo‘ttibozlar odamlarning ishonchiga kirishning yangi usullarini o‘ylab topishardi. Masalan, turli hujjatlarni koreys tilida to‘ldirishar, telefonda ham go‘yo o‘sha davlatdagi sheriklari bilan gaplashgandek bo‘lishardi.
Fuqaro Yashar Hamroyev ham ularning “tuzog‘i”ga ilinganlardan bo‘ldi. Unga ham Koreyaga ishga jo‘natishni va'da berishdi. Yolg‘on va'dalarga ishongan Ya.Hamroyev firibgarlarga o‘z qo‘li bilan 1600 AQSh dollarini berib yubordi.
Yolg‘onlarga uchib, topgan-tutganini firibgarlarning qo‘liga topshirgan jabrlanuvchilar oxir-oqibat aldanganliklarini bilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishdi. Firibgarlarning qilmishlari fosh etildi. Mazkur jinoiy ish yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida hukm o‘qildi. Sherzod Shokirov hamda Stefan Pak Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan aybdor, deb topilib, ularga nisbatan jazo muqarrarligi ta'minlandi.
Mavzuga oid
07:30 / 25.09.2024
Toshkentda Malibu-2 va Lacetti to‘qnashishi oqibatida uch kishi jarohat oldi
13:38 / 07.06.2024
Shavkat Mirziyoyev Yakkasaroy va Yashnobod tumanlariga tashrif buyuradi
09:20 / 25.05.2024
Toshkentda tadbirkorning mulkini o‘zlashtirgan mutaxassisga jinoyat ishi ochildi
10:11 / 14.05.2024