Jamiyat | 21:25 / 01.11.2017
7329
4 daqiqa o‘qiladi

Galina Melnikova yosh jurnalistlarga mahorat darsi o‘tdi

Jurnalistika ta'limi: yangilanish nafasi...

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar haqida respublika aholisini, jahon hamjamiyatini o‘z vaqtida xabardor qilishga, shuningdek, dunyo axborot maydoni globallashuvi kuchayayotgan sharoitda sodir bo‘layotgan voqealarga tez va xolis munosabat bildira olishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bu borada Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yilda qabul qilgan “Jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘ldi. Ular ijrosi doirasida milliy jurnalistika ta'limi sohasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Zamonaviy talablarga muvofiq – O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti faoliyati yanada takomillashtirildi, fakultet uchun yangi, hamma qulayliklarga ega bo‘lgan bino barpo etildi. Joriy yilda fakultet teleradiostudiyasi eng so‘nggi zamonaviy texnik jihozlar bilan ta'minlanib, foydalanishga topshirildi. 

“Mahorat maktablari” – talabalar tayanchi

Shu bilan birga yosh jurnalistlarning amaliy bilim-ko‘nikmalarini shakllantirishga ham katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidlash joiz. Bugungi kunda fakultetda 15 ga yaqin “Mahorat maktablari” faoliyat yuritib kelmoqda. Klub mashg‘ulotlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari a'zolari, davlat va jamoat arboblari, sud-huquq idoralari, OAVda xizmat qilayotgan yetakchi jurnalistlar, professor-o‘qituvchilar, tajribali ijodkorlar taklif etilmoqda.

Galina Melnikova va talabalar yuzma-yuz...

Xususan, O‘zbekiston xalq artisti, “Pushkin”, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Do‘stlik” ordenlari sohibi, taniqli jurnalist Melnikova Galina Vitaliyevna bilan uchrashuv va mahorat darsi tashkil etilgani ham fikrimiz dalilidir. Uchrashuvda  O‘zMU rektori Avazjon Marahimov jurnalistika sohasining o‘ziga xosligi xususida to‘xtalar ekan, Galina Melnikovani haqli ravishda “tirik afsona” deb atadi va talabalar ishtirokida tashkil etilgan bu uchrashuv ularning xotirasida uzoq yillar saqlanib qolishini ta'kidladi.

Melnikova Galina Vitaliyevna talabalar bilan bo‘lgan samimiy muloqotda o‘z bosib o‘tgan hayot yo‘li, telejurnalistikaning mashaqqati va sharafli yo‘li xususida to‘xtaldi. Ushbu uchrashuvda va mahorat darsida  jurnalist kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, moddiy-texnik bazani va o‘quv jarayonini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan boyitish, talabalarning amaliy bilim-ko‘nikmalarini shakllantirish, jurnalistika fakulteti bilan televideniye o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, ustoz-shogird an'analarini rivojlantirish masalalari borasida olib borilayotgan ishlar haqida keng ma'lumot berildi.

Uchrashuv samimiy ruhda kechdi. Talabalar mashhur suxandon-jurnalistga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar va atroflicha javob oldilar.

 

O‘zMU onlayn jamoasi

Mavzuga oid