19:51 / 23.12.2016
15956

Galina Melnikova: Bunday e'tibor va e'zoz uchun Prezidentimizdan nihoyatda minnatdorman

Foto:UZA.UZ

2016 yil 23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga ko‘ra O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasidagi ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, diktorlik san'atini rivojlantirish, xalqimizning ma'naviy salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun Galina Melnikovaga “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni berildi.

G.Melnikovani tabriklash maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalarida uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriylar, oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika fakultetlari professor-o‘qituvchilari, talabalar jam bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “G.Melnikovaga “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonini berish to‘g‘risida”gi farmonini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov Galina Melnikovaga "O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti" faxriy unvoni nishoni va guvohnomasini tantanali ravishda topshirdi.

– Tabarruk yoshda yaqinlaring e'zozida yurish bir ne'mat bo‘lsa, davlatimizning g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lish yanada ulkan baxt, – deydi Galina Melnikova. – Bunday e'tibor va e'zoz uchun Prezidentimizdan nihoyatda minnatdorman. Biz, faxriylar doimo xalqimizga, davlatimizga kerakligimizni his qilib, boshimiz osmonga yetadi. Tinch-osoyishta, farovon o‘tayotgan har bir kunimizga shukronalar aytaman. Yoshlarga o‘tmish xotiralarim, hayot tajribam haqida so‘zlab, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanish lozimligini uqtiraman. Bizga ehtirom ko‘rsatgan insonlarning umri uzoq bo‘lsin. Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikka ko‘z tegmasin.

Galina Melnikova – oliy toifali suxandon, televideniyeda 1956 yil 26 dekabrdan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ko‘p yillar davomida “Axborot” informatsion dasturida boshlovchilik qilgan, turli tantanali marosimlarni olib borgan. 
 

Top