Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 noyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ijrochi direktori Yuriy Fedotovni qabul qildi.
O‘zA xabariga ko‘ra, davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekistonning BMT, uning tuzilmalari va institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi jadal rivojlanayotgani va mustahkamlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
Keyingi paytlarda O‘zbekistonga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, din va e'tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi Taleb Rifai va boshqalarning tashriflari samarali amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil sentabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi, sessiya doirasida tashkilot rahbariyati bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda BMT bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qabul qilingan "yo‘l xaritalari" doirasida qo‘shma tadbirlar va loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratishi ta'kidlandi.
Boshqarmaning texnik ko‘magida yuqorida qayd etilgan sohalarda milliy va mintaqaviy loyihalar bajarildi va amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida ushbu tuzilmaning Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning "yo‘l xaritasi" – Amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish asosida narkotrafik, jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish va birgalikdagi ishlarni yanada kuchaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Yuriy Fedotov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.
BMT vakili davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash, mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro anglashuv va umumiy manfaatlar asosidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosatni yuqori baholadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bayon etilgan tashabbuslarning dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilgani alohida ta'kidlandi.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari nufuzli xalqaro tashkilotning O‘zbekiston bilan global xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha uzoq istiqbolga mo‘ljallangan va tizimli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta'kidladi.
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi
16:30 / 01.10.2024