Fan-texnika | 15:10 / 03.11.2017
7290
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung smartfonlar yetkazib berish bo‘yicha yetakchiga aylandi

Foto: AFP

Janubiy Koreyaning smartfonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Samsung 2017 yilning uchinchi choragida, avvalgi chorakdagi kabi, smartfonlar yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi yetakchiga aylandi. Kompaniya yil davomida 83,3 million dona qurilma yetkazib bergan, deyiladi International Data Corporation (IDC) tahlil firmasining tadqiqotida.

Samsung’ning smartfonlar bozoridagi ulushi bir yil avvalgi 20,9%dan 22,3%gacha o‘sdi. Taqqoslash uchun: Apple korporatsiyasi hisobot davrida 46,7 million smartfonni yetkazib berdi, uning bozordagi ulushi o‘tgan yil darajasida qoldi - 12,5 foiz.

«Samsung yana jahon smartfonlar bozorida yetakchi o‘rinni egalladi va 83,3 mln. dona qurilmani yetkazib berdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9,5%ga ko‘pdir. Koreya kompaniyasi 6,3 dyuymli Note8 smartfonini taqdim etdi, bu uning operatsion ko‘rsatkichlariga ijobiy ta'sir qildi. Samsung o‘z mahsulotiga jiddiy talab haqida xabar bermoqda. Aftidan, Note 7’ning o‘tgan yilgi muvaffaqiyatsizligi bilan bog‘liq voqeaga rasman yakun yasaldi», - deyiladi xabarda.

Smartfonlar ishlab chiqaruvchilari orasida yetkazib berish bo‘yicha dastlabki besh o‘rinda Xitoyning birdaniga uchta kompaniyasi joy oldi: Huawei, OPPO va Xiaomi. Huawei 39,1 millionta smartfon yetkazib berib, ko‘rsatkichni 16,1 foizga oshirib oldi. OPPO kompaniyasi esa yetkazib berish hajmini 19 foizga ko‘tardi - 30,7 millionta smartfon. 

Xitoyning Xiaomi’i jahondagi eng yirik yetkazib beruvchilar ro‘yxatida yana beshinchi pog‘onani egalladi. Kompaniya 27,6 millionta smartfonni taqdim etgan. Uning bozordagi ulushi 7,4 foizga oshdi.

Mavzuga oid