O‘zbekiston | 22:44 / 08.11.2017
17565
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigiga minnatdorlik maktubi yo‘lladi.

Afg‘oniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigingiz meni g‘oyat mamnun etdi. Buning uchun sizga minnatdorlik bildirishga, butun afg‘on xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va birodar O‘zbekiston xalqini ushbu muhim sana bilan muborakbod etishga ijozat bergaysiz. 

Qadrli birodarim, muhtaram O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti! 

Xalqlarimizning tili, dini va madaniyati yaqin ekani o‘zaro do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Afg‘oniston va O‘zbekiston Respublikasi xalqlarimiz manfaatiga xizmat qiladigan o‘zaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha salmoqli qadamlar tashladi. Mening va Afg‘oniston delegatsiyalarining O‘zbekistonga so‘nggi safarlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanimizning yaqqol tasdig‘idir. Sizga va butun o‘zbek xalqiga ushbu yillar mobaynida ko‘rsatilgan yordam uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. 

Afg‘oniston mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish va iqtisodiyotimizni rivojlantirishga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalar ustida ishlashni davom ettiradi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi sa'y-harakatlaringiz uchun Sizga yana bir bor tashakkur izhor etaman. Bu hamkorlik bundan keyin ham faqat kengayib boraverishiga ishonchim komil. 

So‘zim oxirida Siz, Janobi Oliylariga yana bir bor mustahkam sog‘liq, xalqingizga baxt va farovonlik tilayman. 

Muhammad Ashraf G‘ANI,
Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti

Mavzuga oid