O‘zbekiston | 19:10 / 08.11.2017
19947
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda YeTTB vakolatxonasi ish boshladi. Nima o‘zgaradi?

Foto: Xalqaro press-klub

8 noyabr kuni Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Toshkent shahrida joylashgan O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi binosida o‘z ish faoliyatini boshladi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, umumiy qiymati 120 million AQSh dollariga teng uchta kredit shartnomasi imzolangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi birinchisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda YeTTB Bank vitse-prezidenti Filipp Bennet ishtirok etdi.

«​Biz bugun, darhaqiqat, tarixiy hodisaning guvohi bo‘lib turibmiz. Shu yilning mart oyi Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki prezidenti O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lganda, birinchi qo‘yilgan masala shu bo‘ldiki, «qachon O‘zbekistonda YeTTB vakolatxonasi ochiladi?». Shunda bank vakillari «balki bu ishni tez bajara olmasmiz», deb fikr bildirgan. Lekin, oradan yarim yil o‘tmasdan, katta mamnuniyat bilan ta'kidlash lozimki, bir necha yuz million dollarlik kredit yo‘laklari ochilmoqda, va nihoyat, mana shu binoda bank o‘z vakolatxonasini ochmoqda»​, deydi Sodiq Safoyev.

Bank vitse-prezidenti Filipp Bennet O‘zbekiston hukumatiga o‘z minnatdorchiligini bildirib, muassasa faoliyati moliyaviy ko‘mak berish bilan cheklanib qolmasligini aytib o‘tdi.

«​Biz faqat kredit taqdim etish bilan emas, balki turli masalalarda o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashishga tayyormiz. Shuningdek, hamkorlikni turli ko‘rinishda va bosqichda davom ettirishga ochiqligimizni bildiraman. Mamlakatda hukumat bilan tuzilajak shartnomalarni bajarishdan tashqari, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga, madaniy obidalarni saqlashga, infratuzilmani yanada yaxshilashda ko‘mak berishga tayyormiz»​, deydi u.

Bennet O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha strategik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta'kidladi. Endilikda bank vakillari O‘zbekistonga ko‘p tashrif buyurishi, kelgusi yil mart oyida esa Direktorlar ijroiya kengashi a'zolari Toshkentga tashrif buyurishi rejalashtirilgani ma'lum bo‘ldi.

Qisqa davr ichida YeTTB O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan Agromir Juice agrosanoat korxonasi hamda Mutabar Medical Standart ishlab chiqarish korxonasiga 10 million AQSh dollar qiymatida kredit ajratdi.

Namangan, Xorazm viloyati va Toshkentda suv hamda issiqlik manbasini rivojlantirishga qaratilgan beshta loyihani umumiy qiymati 215 million AQSh dollariga teng kredit bilan moliyalashtirish bo‘yicha kelishib olindi.

Mavzuga oid