Jahon | 18:20 / 09.11.2017
5059
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda jurnalistga yomon javob qaytargan amaldorning maoshi «kesilishi» mumkin

Foto: Unsplash.com

Qozog‘istonda davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligi jurnalistlarning murojaatiga javoblari sifatiga bog‘liq bo‘ladi, deya xabar berdi mamlakat axborot va kommunikatsiyalar vaziri Davron Abayev. Bu haqda Tengrinews.kz yozmoqda.

Abayevning ma'lum qilishicha, jurnalistlar murojaatlariga javoblar sifati va vaqti faoliyat samaradorligini baholash hamda bonusli-balli tizimga biriktiriladi.

"Shu narsa yuz beradiki, agarda u javob qaytarmasa, reytingi tushib ketadi, u kamroq maosh, bonuslar oladi. Unda maxsus KPI (muvaffaqiyatga erishish ko‘rsatkichi) bo‘ladi, shunga mos kelishi va ishlashi kerak bo‘ladi. Rahbar u KPI’ga mos kelayotgani yoki kelmayotganini ko‘radi, hamda, umuman olganda, ishdan bo‘shatib ham yuborishi mumkin. Biz bu g‘oyaga qarab ketmoqdamiz, bu bir kunning ichida yuz bermaydi. Menga ishoning, istalgan amaldor, birinchi navbatda, jurnalistlarga javob qaytarishga harakat qiladi. Sababi u savol borgan sari yana ham dolzarb tus olishini yaxshi anglaydi. Hamda bunga, ochiq jamiyatga qarab ketmoqdamiz", - deya ta'kidlab o‘tgan Abayev.

Bundan tashqari, Abayev OAV uchun rasmiy izohlarda "oltin soat qoidasi" haqida so‘zlab berdi.

"Davlat idoralarida ichki tartib bor - "oltin soat qoidasi". Ya'ni favqulodda holatlarga biz bir soat davomida izoh berishimiz kerak. Agar bu rasmiy xabarlarda tilga olinsa, biz uch kun emas, balki ikki kunda javob berishga majburmiz. Aksincha, vaqtni qisqartiramiz. Biz "rasmiy vakil" tushunchasini kiritmoqdamiz. Biz maqom bermoqdamiz – OAV bilan aloqalar uchun javobgar shaxs bo‘ladi", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Mavzuga oid