Jamiyat | 14:10 / 13.11.2017
31168
13 daqiqa o‘qiladi

Boylarning molida faqirlarning haqi bor

Islom dinida har bir ish Qur'oni karim va sunnati nabaviya ta'limoti asosida amalga oshiriladi. Shunga binoan, Islom dinining jamiyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning huquqlari masalasiga munosabati ham shu ikki manbada o‘z ifodasini topgan. Ijtimoiy himoya deganda avvalo, aholi orasida iqtisodiy jihatdan qiynalgan, o‘zining ehtiyojini qoplash imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarga moddiy va ma'naviy ko‘mak berish tushuniladi. Shu ma'noda, Qur'oni karim va hadisi sharifda ijtimoiy himoyaga naqadar katta e'tibor qaratilganini ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston Musulmonlar idorasining rasmiy saytida e'lon qilingan maqolada shu haqda so‘z yuritiladi.

Qur'oni karimda “faqirlik” va “faqirlar” lafzi moddiy ma'noda 13 marta takrorlangan. Bularning ba'zisi barchaning Alloh taologa faqir (muhtoj) ekanini bayon qilsa, ba'zilari shaytonning odamlarga faqirlikni va'da qilishini bayon qiladi, boshqalari esa faqirlarga molning ma'lum bo‘lagidan sadaqa berishga buyuradi. “Boylik” va “boylar” lafzi 26 marta kelgan. Bundan 21 tasi Allohning behojat zot ekanini ta'kidlasa, 5 tasi insonlarning sifati ma'nosida vorid bo‘lgan. “Miskin” lafzi ko‘plik va birlik siyg‘alarida 33 marta takrorlangan. “Soil” (tilamchi) lafzi 4 marta kelgan va uning barchasida ularga sadaqa berishga buyurilgan. 

Iqtisodiy jihatdan “zaiflar” lafzi 4 marta zikr qilingan va unda zaiflardan muayyan majburiyatlarni soqit qilish va ulardagi zaiflik sabablarini bartaraf etish haqida gapirilgan. Iqtisodiy jihatdan “mahrum” lafzi 2 marta kelgan va ikkisida ham boylarning molida ularning ham haqi borligi ta'kidlangan.

Barcha turdagi muhtojlarning nasibasi bor bo‘lgan “zakot” lafzi 32 marta takrorlangan. Gohida zakot lafzining ma'nodoshi, gohida esa nafl sadaqaning ma'nodoshi sifatida keladigan “sadaqa” lafzi 16 marta kelgan, uning hammasi ham sadaqa berishlikka undagan va buyurgan. Muhtojlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish o‘rinlarida kelgan “ehson” lafzi 63 marta zikr qilingan. “Alloh yo‘lida infoq qilish” jumlasi 70 marta vorid bo‘lgan.

Yuqoridagi raqamlarni jamlab chiqsak, Qur'oni karimda ijtimoiy himoya mavzusida 263 ta o‘rinda so‘z yuritilgani ma'lum bo‘ladi.

Hadisi sharifda ijtimoiy himoya masalasiga oid hadislarni tahliliy hisob-kitob qilib chiqish mushkul ish. Chunki bir tomondan hadis kitoblarining xilma-xilligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan rivoyatlarning takrorlanishi natijasida aynan o‘xshash hadislar ham takrorlanib kelgan. Lekin shunga qaramay, kompyuter xotirasiga kiritilgan o‘n beshta hadis kitoblarini ko‘zdan kechirib chiqish natijasida ushbu mavzuga oid so‘zlar 157 marta vorid bo‘lganini ko‘rish mumkin va ularning aksarida faqirlarga xayrixohlik qilish to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

Musulmonlar, avvalambor, har bir narsani Alloh taolo yaratgan va tasarruf qilish uchun bandalarni tayinlagan, degan tushunchaga suyanadi. Shuning uchun bandalar qo‘llariga to‘plangan mollarning haqiqiy egasi bo‘lgan Zotning buyruqlari va ko‘rsatmalariga bo‘ysunishi lozim bo‘ladi. 

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday bayon qiladi: «Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas» (Qasas surasi, 77-oyat).

Ushbu oyatdan har bir narsaning haqiqiy egasi Alloh taolo ekani va U bizlarni O‘zi belgilab bergan me'yorga muvofiq ish yuritishimizga buyurgani ma'lum bo‘ladi. Bu me'yor oxiratda Allohning roziligini topish umidida bu dunyoda unga itoat qilishdir. Ibodatlarni to‘la ado etish, xayr sadaqa va zakot berish shu itoatlar jumlasidan. Alloh taolo boylarga yaxshilik tariqasida bergan moldan muhtojlarga ehson qilishga buyurishi esa o‘sha mol Allohniki ekanini eslatishdir. 

Alloh taolo Qur'oni karimda shu haqni faqir va muhtoj bandalariga berishga buyuradi. Faqir va miskinlar boylardan sadaqalarni olishni or deb bilmasligi uchun muhtojlarning moldagi nasibalarini ularning haqlari deb ta'kidlaydi. Negaki, ular Qur'on oyatiga binoan o‘z haqlarini xuddi sherikchilik orqali topilgan daromaddagi o‘z ulushlarini olgandek qabul qilishi lozim bo‘ladi.

Islomda faqirlik muammosini hal qilishda avvalo, o‘sha faqirlarni mehnat qilishga, biror bir kasb-hunar bilan shug‘ullanishga targ‘ib qilish, dangasalikdan qochishga chaqirish bilan erishiladi. Chunki mehnat qilish bu asosiy vazifa hisoblanadi. Biroq, jamiyatda mehnatga yaramaydigan yoki munosib ish topa olmayotgan yoxud ishi bor-u, biroq undan oladigan daromadi ehtiyojini qoplashga yetmaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga nisbatan ham Islom dini o‘ziga xos tarzda rahnamolik qilishga yo‘llaydi. 

Masalan, zakot, yaqin qarindoshlarga berilishi vojib bo‘lgan nafaqa, nafl sadaqa, xayriya, vaqf ishlari, nazrlar, kafforatlar, qo‘shnilar haqi, mehmondorchilik haqi, muhojirlar haqi, yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish, tilamchilar (soil) haqi, davlat tomonidan ijtimoiy ta'minot uchun ajratadigan haqlari shular jumlasidandir.

Dinimiz uchta asosiy qism – e'tiqod, shariat va axloqdan tashkil topgan bo‘lsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga rahnamolik qilish ana shu qismlarning har biri bilan chambarchas bog‘liqdir. E'tiqod va imon bilan bog‘liqlik jihati Alloh taolo hamma narsaning egasi degan aqidaga tayanadi. Albatta, Alloh bandasiga qo‘lidagi molidan bir qismini muhtojlarga berishni amr qilgan. Mo‘min kishi esa o‘z aqidasiga sodiq qolgan holda ushbu buyruqni amalga oshiradi.

Onamiz Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yon qo‘shnisi och o‘tirganini bila turib qorni to‘q yotgan kishi mo‘min emas”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).

Ijtimoiy himoyaning shariat bilan bog‘likligi Islomning arkonlaridan biri bo‘lmish zakotda yaqqol namoyon bo‘ladi. 

Alloh taolo zakot olishga haqli bo‘lgan kishilarni Qur'oni karimda birma-bir bayon qilgan: «Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir» (Tavba surasi, 60-oyat).

Ijtimoiy himoyaning Islomning axloqiy jihati bilan bog‘likligini boshqa sadaqalar borasida ko‘rish mumkin. 

«Ular (hozirda o‘z zimmalariga olgan) nazrlarini ado qilurlar va yomonligi (dahshatlari) keng yoyiluvchi kundan qo‘rqurlar. Taomni esa suyub tursalar-da, (o‘zlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni yedirurlar. (Ular ayturlar): “Bizlar sizlarni faqat Alloh “yuzi” uchun taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ish uchun) biror mukofot va minnatdorchilik kutmasmiz» (Inson surasi, 7-9-oyatlar).

Shuni ham aytib o‘tish joizki, Islomdagi ijtimoiy himoya faqat moddiyat bilan cheklanib qolmaydi, balki ijtimoiy va ruhiy qo‘llab-quvvatlash bilan ham o‘ziga xosdir.

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Birodaringning yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqa, yaxshilikka buyurishing ham sadaqa, yomonlikdan qaytarishing ham sadaqa, yo‘ldan adashgan kishini to‘g‘ri yo‘lga solib yuborishing ham sadaqa, ko‘zi ojiz kishiga yordam berishing ham sadaqa, yo‘lni yuzida yotgan toshni, tikanni, suyakni chetga olib qo‘yishing ham sadaqa, chelagingdagi suvdan birodaringni chelagiga quyib berishing ham sadaqadir” (Imom Termiziy rivoyati).

Shuningdek, Islom dinida betob kishilarni ziyorat qilish, tanigan va tanimaganga salom berish, hatto insonni so‘nggi yo‘lga kuzatish, ya'ni janozasida ishtirok etish, uning yaqinlariga ta'ziya bildirish borasida ham yetarli ko‘rsatmalar berilgan va bu amallar uchun ulug‘ savoblar va'da qilingan. Bularning barchasi insonlarning ko‘ngliga xursandlik kiritadigan, ijtimoiy aloqani yana ham mustahkamlaydigan islomiy fazilat sanaladi.

Ayni paytda Islom dinida muhtojga yordam qo‘lini cho‘zishdan qochish, bundan bo‘yin tovlash qattiq qoralanadi. Quyidagi hadisdan shu ma'noni anglash mumkin. 

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qiyomat kuni Alloh azza va jalla aytadi: “Ey Odam bolasi! Men betob bo‘ldim, sen esa meni ko‘rgani kelmading!” Banda aytadi: “Ey Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, men seni qanday ko‘rgani boraman?” U aytadi: “Falon bandam bemor bo‘lganini bilib turib, uni ko‘rgani bormading. Agar uni ko‘rgani borganingda, o‘sha yerda meni topgan bo‘lar eding”. Keyin yana aytadi: “Ey Odam bolasi! Sendan taom so‘radim, sen esa bermading”. U aytadi: “Ey Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, men seni qanday taomlantiray?” U deydi: “Falon bandam sendan taom so‘raganda sen bermading. Agar berganingda o‘sha savobni hozir shu yerda topgan bo‘lar eding”. Yana deydiki, “Ey Odam bolasi! Men sendan suv so‘radim, sen bermading”. U aytadi: “Ey Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, senga qanday qilib suv beray?” U deydi: “Falon bandam sendan suv so‘radi, sen bermading. Agar berganingda o‘sha savobni meni huzurimdan topishingni bilmasmiding?” (Imom Muslim rivoyati).

Islomda ijtimoiy himoya nafaqat mo‘min-musulmonlar o‘rtasida bo‘lishi, balki bu imtiyozdan g‘ayridinlar ham foydalanishi, musulmon jamiyatida yashayotgan boshqa din kishilariga ham g‘amxo‘rlik qilinishi lozimligi ta'kidlangan. 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida marhamat qilganlar: “Kim zimmiyga aziyat yetkazsa men u bilan xusumatlashaman. Men kim bilan xusumatlashsam qiyomat kunida undan haqqimni olaman”.

Zikr qilinishicha, Umar ibn Abdulaziz Basra shahridagi voliysi Adiy ibn Arto'tga maktub yo‘llab, bunday yozgan ekan: “...So‘ngra, qaramog‘ingdagi ahli zimmalardan qaysilarining yoshi keksayib, quvvati zaiflashib, kasb qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa ularga baytul moldan yetarli miqdorda nafaqa ajratilishini joriy qilgin.

Shuning uchunki, men eshitgan edim, mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu uyma-uy yurib, odamlardan tilanchilik qilib yurgan ahli zimmalardan bo‘lmish bir qariyani ko‘rib: “Yoshlik vaqtingda sendan jizya olsak-u, keksaygan vaqtingda qarovsiz qoldirsak senga nisbatan insofsizlik qilgan bo‘lamiz”, deganlar va unga yetarli miqdorda baytul moldan nafaqa berishni joriy qilganlar”. 

Demak, Islom tarixida birinchi marta davlat xazinasi hisobidan keksalarga ijtimoiy ta'minot uchun nafaqa tayinlanishi Umar ibn Xattob davridan boshlangan ekan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dini ijtimoiy himoya borasida har bir haq egasining haqini ado etishga keng targ‘ib qilgan dindir.

 

Homidjon IShMATBeKOV,

“Muhammad Nosir hoji” 
jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid