Davlatlarning internetda kalaka qilish bilan mashg‘ul «trollar fabrikasi» aniqlandi
AQShning Freedom House tadqiqot tashkilotining hisobotiga ko‘ra, 30ta davlatda hukumat tuzilmalarining topshirig‘iga ko‘ra ijtimoiy tarmoqlarda sharh va izohlar qoldiruvchi «trollar fabrikasi» faoliyat ko‘rsatmoqda, deb yozadi Meduza.
«Trollar fabrikasi» Rossiya, Meksika, Filippin, Ukraina, Belarus, Malayziya, Marokash, Myanma, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Xitoy, Bahrayn, Eron va bir qator boshqa davlatlarda borligi aniqlangan. Hisobotda qayd etilishicha, Rossiya kabi davlatlar pul to‘lanuvchi sharhlovchilardan xorijiy davlatlardagi saylov jarayoniga aralashish maqsadida foydalanadi, lekin «trollar fabrikasi» aksariyat hollarda ichki vazifalar uchun qo‘llaniladi.
Bir yil avval Freedom House «trollar fabrikasi»ni ishlatuvchi 26ta davlatni aniqlagan edi. Xususan, o‘tgan bir yil ichida bu ro‘yxatga Ukraina qo‘shilgan.
Tadqiqot rivojlangan internet hamjamiyatiga ega 65ta davlatni qamrab olgan. Ularning faqat 16tasi senzura va internetda davlatning boshqa cheklovlaridan xoli. Rossiya erkin bo‘lmagan internetga ega davlatlar sirasiga kiradi. Xitoy interneti eng cheklangan davlat sifatida uchinchi yildirki ketma-ket tan olinmoqda, eng erkin internet esa — Estoniyada.
Rossiyada «trollar fabrikasi»ni «Internet tadqiqotchilar agentligi» deb atash odat tusiga kirgan. Uning xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda buyurilgan mavzu bo‘yicha izohlar qoldirishadi. Rossiyadagi «trollar fabrikasi»ni tadbirkor Yevgeniy Prigojin moliyalashtiradi, deya taxmin qilinadi.
RBK surishtiruviga ko‘ra, «Trollar fabrikasi»dan AQShdagi saylovlar oldidan ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy reklama joylashtirish, AQShdagi turli jamoatchilik va siyosiy birlashmalar faoliyatini imitatsiya qilish va namoyish etish uchun foydalanilgan.