Rossiya neft va gaz universiteti rektori: Toshkentdagi filial talabalaridan juda mamnunmiz
I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining rektori Viktor Martinov xalqaro kompaniyalarda milliy kadrlarni tayyorlash va rivojlantirishga bag‘ishlangan anjuman vaqtida Toshkentdagi filialda ta'lim olayotgan talabalardan to‘laqonli qoniqishini ma'lum qildi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri xabar beradi.
“O‘zbekistondagi filialda tahsil olayotgan talabalardan juda ham mamnunmiz. Ularning ishtiyoqi, bilim olishga bo‘lgan intilishi doimo quvontiradi. Shuningdek, talabalar turli xalqaro olimpiada va tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Mana shunday ta'lim jarayoni kelajakda mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi uchun hissa qo‘shadigan shaxs kapitalining shakllanishiga ham yordam beradi”.
Rektorning so‘zlariga ko‘ra, hozirda neft va gaz, sanoat sohasida faoliyat yurituvchi kadrlardan nafaqat amaliyot va nazariya, balki moslashuvchan ko‘nikmalarni puxta egallash ham talab etilmoqda. Soha juda shiddat bilan taraqqiy etib bormoqda. Robotlar hozir biz iste'mol qilayotgan tovarlarni tayyorlab bermoqda. Insonning asosiy vazifasi esa dasturiy ta'minotni yetkazish, loyihalashtirish va texnologik raqamlashtirishga aylanmoqda.
“Biz shunchaki mehnat bozori uchun ishchilarni tayyorlamaymiz. Aksincha, xalqaro kompaniyalarda ahamiyatli lavozimlarni egallashga tayyor bo‘lgan mutaxassislarni yetishtiramiz. Bitiruvchilarimiz o‘qishni tugatishi bilanoq ish bilan ta'minlanadi. Sababi, hozirda dunyo bo‘ylab yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan talab ortmoqda”, deya qayd etdi Martinov.
Rektorning ma'lum qilishicha, I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filialida mutaxassisliklar sonini oshirish ham maqsad qilingan. Unga ko‘ra, neft va gaz ishlab chiqarish uchun mashina, uskunalar, avtomatika kabi yo‘nalishlar qo‘shilishi mumkin.