Olimlar Sunbula burjida yashash uchun yaroqli sayyora topishdi
Yevropa va Lotin Amerikasi astronomlari Sunbula burjida Yerdan 11 yorug‘lik yili masofada hayot uchun potensial yaroqli sayyorani topishgan va uni Ross 128 b deb atashgan, deb yozadi TASS.
Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, sayyoraning o‘lchamlari Yernikiga juda yaqin. Uning massasi Yer massasidan 1,35 barobar ortiqroq. Biroq u o‘z quyoshi — Ross 128 qizil karlik yulduziga yaqinroq joylashgan. Bu sayyorada bir yil 9,9 kun davom etadi — Shuncha muddat ichida sayyora o‘z orbitasi bo‘ylab yulduzi atrofini to‘liq aylanib chiqadi. Biroq qizil karliklar nisbatan sovuq va kichik yulduz bo‘lgani uchun Ross 128 b sirti qizib ketmaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u yerdagi iqlim yetarli darajada mo‘'tadil. Yer «egizagi»ning sirtidagi harorat minus 60 darajadan plyus 20 darajagacha tebranib turadi. Bu esa okeanlar mavjud bo‘lishiga, demakki, hayot mavjud bo‘lishiga imkon yaratadi.
Ross 128 b Yevropaning janubiy rasadxonasi tadqiqotchilari Chilidagi ekzosayyoralarni qidirib topish uchun maxsus yasalgan HARPS spektrografi yordamida topishgan. Tadqiqot natijalari Astronomy and Astrophysics jurnalida nashr qilingan.
Potentsial hayot uchun yaroqli sayyoralar ichra topilgan ushbu sayyora Yerga eng yaqini emas. Ayni paytda ularning orasida eng yaqini deb Alfa Tsentavr tizimidagi 4,24 yorug‘lik yili masofadagi Proxima Centauri b sayyorasi sanaladi. Biroq insonlar qachonlardan kosmik ekspeditsiya jo‘natish yo‘lini topishsa, 128 b o‘zlashtirish uchun mosroq bo‘ladi.
Gap shundaki, Proxima Centauri b o‘z orbitasi bo‘ylab Proxima Centauri o‘zgaruvchan va chaqnayotgan qizil karligi atrofida aylanadi. U mana shunday chaqnashlar asnosida har qanday tirik organizmni qirib yuboruvchi intensiv nurlanish keltirib chiqarishi mumkin. Ross 128 esa, aksincha, ancha sokin yulduz, shu sababli uning sayyoralar tizimida hayot mavjudligi sharoitlari qulayroq bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
16:27 / 29.10.2024
Yer atmosferasining ifloslanishi rekord darajaga yetdi
11:26 / 01.10.2024
Olimlar Quyosh qachon “o‘lishini” ma’lum qildi: Yerga nima bo‘ladi?
11:21 / 23.09.2024
Yer “ikkinchi Oy”ga ega bo‘ladi, faqat bu vaqtincha davom etadi
22:22 / 11.03.2024