Jamiyat | 19:55 / 17.11.2017
9327
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshida haydovchi salkam bir tonna dizel yonilg‘isini hujjatsiz tashish vaqtida ushlandi

Foto:Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati

Ma'lumki, neft va yonilg‘i-moylash mahsulotlari mamlakatimizning strategik ahamiyatga ega boyliklari sirasiga kiradi. Ularni talon-toroj qilish esa milliy iqtisodiyotimizga putur yetkazadi. 

Yurtimizda ayni turdagi jinoyatlarga qarshi muntazam kurash olib boriladi. Bu ishda bojxonachilarning ham hissasi ko‘p. 

Xususan, yaqinda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qarshi shahrida fuqaro S.D. boshqaruvidagi “Neksiya” avtomashinasi belgilangan tartibda to‘xtatilib, guvohlar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashina saloni va yukxonasiga texnik va yong‘in xavfsizligi talablariga butunlay zid ravishda turli sig‘imdagi 23 ta yelim idishda dizel yonilg‘isi ortilgani aniqlandi.

Jami 930 litrni tashkil qiluvchi ushbu neft mahsulotlariga tegishli hujjatlar so‘ralganda, S.D. mahsulotni go‘yoki notanish kimsalardan sotib olganini aytgan.

Tegishli hujjatlar taqdim qilinmasligi faoliyatning noqonuniyligidan darak beradi. Shunga asosan qiymati salkam 4 million 200 ming so‘mni tashkil qiluvchi dizel yonilg‘isi, shuningdek, ushbu holatga aloqador bo‘lgan “Neksiya” avtomashinasi vaqtincha saqlovga topshirildi. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid