Jamiyat | 09:35 / 19.11.2017
10637
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada 46 kg oltinni pullagan xitoylik talaba soxta politsiyachilar tomondan tunab ketildi 

Illyustrativ surat

Yaponiyaga 46 kg oltinni sotish uchun kelgan xitoylik talaba politsiyachilar kiyimidagi noma'lum kimsalar tomondan tunab ketildi. Talaba do‘sti bilan oltinlarni zargarlik do‘konida 1,6 mln dollarga pullab, bir chamadon pul bilan ketayotganda politsiya kiyimidagi 3 kishi tomondan to‘xtatilgan. Ular talabadan pasportini ko‘rsatishni so‘rashgan. So‘ngra soxta politsiyachilar talabadan pullarni “musodara qilib”, voqea joyidan g‘oyib bo‘lishgan.

Keyinroq aniqlanishicha, pullar haqiqiy politsiyachilar tomondan emas, balki noma'lum kimsalar tomondan olib ketilgan. Yaponiya huquq-tartibot idoralari ushbu jinoyat yuzasidan ish qo‘zg‘atib, gumonlanuvchilarni qidirishni boshlashgan. Biroq, haqiqiy politsiyachilarda jabrdiydaga ham savollar paydo bo‘lgan: misol uchun, u shuncha oltinni qayerdan olganligi haqida.

South China Morning Post nashrining ta'kidlashicha, Yaponiyada oltin jinoiy doiralarda katta talabga ega va aksariyat kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi. Bundan tashqari, mamlakatda oltin sotishga 5 foizdan 8 foizgacha soliq amal qiladi. Xitoyda esa bunday soliq mavjud emas, shu sababli oltinni Yaponiyada sotish iqtisodiy ma'noga ega: xitoyliklar yurtlarida 0 miqdordagi soliq bilan oltinni sotib olib, uni boshqa davlatlarda qimmatroq o‘tkazishga harakat qiladilar. 

Oltin sotishga soliq kiritilishidan oldin Yaponiya bojxonasi yiliga oltin kontrabandasi bilan bog‘liq 10 tadan ko‘p bo‘lmagan holatga duch kelardi, u kiritilgandan keyingi yilga esa bunday kontrabandalar miqdori 177 tani tashkil qilgan. Yaponiyaga noqonuniy yo‘l bilan oltinni olib o‘tishga urinishlar soni tobora ko‘payib bormoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid