Namanganda mudhish qotillik yuz berdi
Spirtli ichimlik chumolidek jonni ham sherday qilib qo‘yishini bilamiz. Bahrom Abzamov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ozgina dilxiralikni ana shu zahri qotil bilan yengmoqchi edi. Oqibatda, “sher” bo‘ldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Qishning chillasidan sug‘orilgan bug‘doyning hosili mo‘l, mazasi o‘zgacha bo‘ladi, deyishadi. Chortoq tumanining yuqori qishloqlaridan bo‘lgan Bog‘istondagi fermer xo‘jaligidagi bug‘doyzorda suv tarab, badanidan sovuq o‘tgan yigitlar “Damas”ga chiqib isinib, gurunglashib o‘tirishardi. Shu payt odatdagidan ancha yuqori tezlikda kelgan “VAZ-2106” ularga yaqin joyda to‘xtadi. Undan tushgan haydovchi birdaniga baqir-chaqir qila ketdi. Yigitlar hayron, birin-ketin mashinadan tushishdi.
- Bahrom-ku?.. – dedi Jamshid Homidov.
- Ha, o‘sha, - dedi sheriklaridan biri.
Bahrom xuddi birov yomon ayb qilib qo‘ygan-u, shu tobda uni “bir yoqli” qilishi lozimdek jazava bilan kela boshladi. Xuddi shu o‘yga borgan yigitlar hadik va xavotirda bir-birlariga qarab yelka qisgancha qotib turishardi.
- Ichganmi, nima balo?! – dedi Do‘stbek Madrayimov beixtiyor.
- Kim bilsin?.. Ketdik, bir balo boshlamasin.. – qo‘shimcha qildi Ikrom Akromov.
Ammo ular ortga qaytib bir qadam tashlasholmadi. Bahromning vajohatli hayqirig‘i ularni to‘xtatdi:
- To‘xtanglar!!!
U quyundek kelib, yigitlarga yuzlandi.
- Senlar yo‘qollaring! – dedi u Do‘stbek va Ikromga o‘qtalib. Keyin Jamshidga o‘qraydi. – Mening manavinda ishim bor!
Bahrom to‘satdan Jamshidning yoqasiga yopishdi. “He yo‘q-be yo‘q” yuz berayotgan bu holatdan sarosimaga tushgan yigit biroz o‘zini yo‘qotdi.
- Avvalo, tilingni tiyib ol! – dedi u bo‘ralab so‘kinayotgan Bahromga qarab. – Qolaversa, sen bilan adi-badi aytishib o‘tirishga vaqtim ham, toqatim ham yo‘q...
- Qo‘rqasan-da, a? Shunaqa, hisob-kitobga kelganda dumingni tugib qolasan. Bilib qo‘y, seni o‘ldirmay qo‘ymayman! Bilasan-a, seni yomon ko‘raman!
Na aybi, na xatosini anglagan Jamshidning bu gapdan dili og‘ridi. Qachonlardir u bilan arzimas tortishuv bo‘lib o‘tgani xayolidan o‘tdi. Ammo...
Raqibining oyoqosti qilib haqoratlashlariga chidolmagan yigitning musht bo‘lib tugilgan qo‘llari bexos ko‘tarildi. Ajratmoqchi bo‘lgan yigitlarni turtib chetga surgan Bahrom Jamshidni mashinaga tortqiladi.
- Erkak bo‘lsang, yur buyoqqa! Mashinada gaplashamiz!
Ikki g‘azabnok go‘yo “kelishish” uchun mashinaga o‘tirishdi. Ammo kimning dilida nima maqsad?!
Bahrom Jamshid o‘tirib-o‘tirmay mashinani o‘qdek uchirib ketdi. Yaxshiki, Jamshid chaqqonlik bilan eshikni yopib oldi. Bahrom mashinani katta tezlik bilan haydab borarkan, kutilmaganda o‘ng qo‘l tirsagi bilan Jamshidning yuz-ko‘zi aralash bir tushirdi. Bexos tushgan zarbadan suyagi singan Jamshid o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi. Bahrom esa jazavadan tushay demas, aksincha, go‘yo o‘zini g‘olib sezib, hoholab kulgancha ustma-ust musht tushirardi. Jon og‘rig‘idan ko‘zini changallab olgan Jamshid imkon topib qarshilik qilardi. Ammo kuch Bahrom tomonda edi. U yuz-ko‘zi qonga belangan, og‘riqdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan, ojiz holdagi Jamshidni mashina eshigini ochdi-yu, itarib yubordi. Katta tezlikda ketayotgan mashinadan to‘la tushib ketmagan Jamshidning oyog‘i mashina ichkarisida qolib, uning tana va bosh qismi yerda sudralib borardi.
Ushbu holatni ko‘rgan har qanday insonda beixtiyor rahm-shafqat uyg‘onishi, es-hushini yig‘ib, mashinani to‘xtatishi, qonga belanayotgan jabrdiydaga yordam ko‘rsatishi tabiiy edi. Ammo B.Abzamov bunday qilmadi. Qaytanga, mashinaning tezligini oshirdi. Ancha joygacha shu holda sudralib borgan J.Homidov tanib bo‘lmas darajada ayanchli ahvolga tushgandi.
Oradan 15-20 daqiqa o‘tib Bahrom qanday tezlikda ketgan bo‘lsa, shu tezlikda qaytib keldi va yo‘l chetida hayron bo‘lib qarab turgan Jamshidning sheriklaridan biri bo‘lgan Tohirbekni ataylab urib ketdi. Qolgan yigitlar yugurib borib, Tohirga yordam ko‘rsatishdi. Bu orada Bahrom mashinadan tushib telbalarcha, “Bitta qorachadan qutildim”, deya Jamshidni o‘ldirgani bilan maqtanishga tushdi. Yigitlar qo‘rqib ketib, Jamshidning qayerda ekanini so‘rashdi. Biror javob olisholmagach, shoshgancha hammalari Jamshidni qidirib ketishdi. 1,5-2 km.dan so‘ng uni asfalt bo‘yida bukchaygan, qonga belangan va tanib bo‘lmas holatda topishdi.
Bu galgi sud majlisida ko‘zi yoshlanmagan kishi qolmadi. Kimdir marhumga achinar, kimdir oilasiga, kimdir esa uning yetim qolgan go‘daklariga...
Sud Bahrom Abzamovga nisbatan 17 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Mavzuga oid
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
17:35 / 11.11.2024