Jahon | 12:12 / 24.11.2017
8969
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston prezidentining qizi «Yel qorg‘ani» medali bilan taqdirlandi

Foto: inform.kz

Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vaziri Saken Jasuzaqov mamlakat Parlamenti senatori Darig‘a Nazarboyevani birinchi darajali «Yel qorg‘ani» medali bilan taqdirladi. Bu haqda «Kazinform» xabar bermoqda. 

Mudofaa vazirligi amaldagi prezident Nursulton Nazarboyevning qizi Darig‘aga chuqur minnatdorlik bildirib, uning yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shayotgan hissasini yuksak baholadi.

«Menga bildirilgan katta ishonch kelgusida qilishim zarur bo‘lgan ishlar uchun bo‘nak bo‘ldi, deb ayta olaman. Vatanga muhabbat tuyg‘usida tarbiyalangan har qanday yosh kelajakda o‘z o‘rnini topib ketishiga ishonaman. Bu yo‘l barcha uchun ochiq», deydi Nazarboyeva.

Ma'lumot uchun, «Yel qorg‘ani» mukofoti joriy yilning mart oyida ta'sis etilgan bo‘lib, davlat oldidagi alohida harbiy xizmatlari uchun berilishi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, sal avval, Qozog‘iston parlamenti Senatining xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi faoliyati masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashining yangi raisi etib saylangandi.

Mavzuga oid