17:57 / 25.11.2017
29877

Messi «Barselona» bilan shartnomani uzaytirdi

Foto: FC Barcelona

«Barselona» hujumchisi Lionel Messi kataloniyaliklar bilan amaldagi shartnomani uzaytirdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Manba bergan xabarga ko‘ra, yangi bitim 2020/21 yilgi mavsum so‘ngiga qadar amalda bo‘ladi. Messining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2018 yilga qadar mo‘ljallangandi.

Juma kuni 30 yoshli futbolchi o‘z faoliyatida 4-marta o‘tgan mavsumning eng yaxshi to‘purariga topshiriladigan «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritgan edi.

Messi 13 yoshidan buyon «Barselona» tizimida o‘ynamoqda. U jamoaning asosiy tarkibida 2004 yil 16 oktabr kuni, «Espanol»ga qarshi o‘yinda debyut qilgan edi. Ilk golini esa 2005 yil 1 may kuni «Albasete»ga qarshi o‘yinda urdi. 

Futbolchi «Barselona» bilan 8 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, 5 marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan, 4 marta Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan. U yilning eng yaxshi futbolchisiga topshiriladigan «Oltin to‘p»ning 5 karra sohibidir.

Argentina terma jamoasi tarkibida Messi Pekinda o‘tgan 2008 yilgi Olimpiada o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan. U uch marta jahon chempionatlarida ishtirok etib, Braziliyada o‘tkazilgan 2014 yilgi musobaqada finalgacha yetib borgan. Unda Messi musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.

Bundan tashqari, Messi uch marta Amerika kubogida (2007, 2015, 2016) kumush medallarni qo‘lga kiritgan.

Leo o‘z faoliyati davomida 848 o‘yinda maydonga tushib, 668ta gol urgan. Jumladan, Argentina terma jamoasi tarkibida raqiblar darvozasini 61 marta ishg‘ol etgan.

Top