So‘kong‘ich hokim javobgarlikka tortiladi, faqat...

Foto: KUN.UZ
Andijon shahridagi maktablar, kollejlar va akademik litseylar rahbarlarini so‘kib haqoratlagani, ayol direktorlarni tahqirlab yerga urgan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevning qilig‘i butun internet tarmog‘ini larzaga soldi.
Ta'lim tizimini vakillarini «hayvon»dan olib, «iflos»ga solgan bunday amaldorlarga qonunlarimizda qanday choralar nazarda tutilgan? KUN.UZ ushbu holatga huquqiy jihatdan baho berish uchun ekspert — yurist Sardor Olloberganovga murojaat qildi. Quyidagi ana shu huquqiy tahlil e'tiboringizga havola etiladi.
Hokim direktorlarni haqorat qilishga haqlimi?
Bu savolga «yo‘q» deb javob berishga ham til bormaydi. Hokim lavozimidagi inson Konstitutsiya va qonunlarni mensimasligi mumkin degani emas. Janob Rahmatullayev o‘zining «jimjimador» nutqida direktor va o‘qituvchilarga «tupurgani»ni ko‘p marta ta'kidlaganini hisobga olsak, aslida u O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qat'iy belgilangan qonunlariga va Prezident olib borayotgan bugungi siyosatga ham tupurgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilangan. Bunday qoidalarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Mavzuga oid: Yana direktorlar haqoratlandi. Bu safar Andijon

Janob Rahmatullayev yangi so‘kinish va haqoratlarni o‘ylaguncha, qonunlarni varaqlab ko‘rsa, yaxshi bo‘lardi.
Hokimni nima kutyapti?
Ishdan bo‘shashi mumkin. O‘z mansab vakolatidan chetga chiqqani va ishni to‘g‘ri tashkil eta olmaganligi uchun hokim lavozimidan ozod etilishi mumkin. Shuningdek, mazkur voqea muhokamasi internetda hali beri tinmasligi hisobga olinsa, hokim ishdan olinishiga jamoatchilik bosimi ham o‘z kuchini ko‘rsatishi mumkin.
Qonuniy tomoniga kelsak, Konstitutsiyamizning 93-moddasi 15-bandida Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki o‘z sha'ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli ekanligi belgilangan.
Shuningdek, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunga binoan, Andijon viloyat hokimi yoki Andijon shahar xalq deputatlari Kengashi D.Rahmatullayevni lavozimidan ozod etishi mumkin.
Ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Hokim Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga binoan, haqorat qilgani, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgani uchun eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
Shuningdek, hokimning gap-so‘zidan ko‘rinib turibdiki, ta'lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga paxta yig‘im-terimi uchun terimchi yollash majburiyatini yuklagani uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga binoan, ya'ni mehnatga biror bir shaklda ma'muriy tarzda majburlaganligi uchun eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.
Jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Jumladan, Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Faqat buning uchun hokimning ushbu xatti-harakatlari fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazgani isbotlanishi lozim.
Bunday holatda hokimga eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanishi mumkin.
Intizomiy jazo bilan cheklanilishi ham mumkin. Hokimning ushbu harakatlari yuqoridagi kabi jazolarni qo‘llash uchun yetarli emas deb topilsa, unda unga nisbatan hayfsan yoki oylik ish haqidan 50 foizgacha bo‘lgan miqdorda jarima intizomiy jazolarini qo‘llash bilan cheklanilishi ham mumkin.
Hyech narsa bo‘lmasligi ham mumkin. Izoh yo‘q.
Lekin bir jihatga e'tibor qaratish lozimki, xuddi shu kabi xulosani maktab direktorlarini urgan Sayxunobod hokimining harakatlari bo‘yicha ham ma'lum qilgan edik. Keyinchalik Prokuratura tuman hokimi bilan bog‘liq vaziyatni tekshirishni boshlagani ma'lum qilindi, Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev esa o‘qituvchilardan uzr so‘radi, hokimning ishi esa paxta terimi mavsumidan keyin ko‘rib chiqilishi, uning ishda qolishi masalasi taqdiri yuqoridan keladigan ko‘rsatmaga bog‘liqligi ma'lum qilindi.
Paxta mavsumi oxirlagan bo‘lishiga qaramasdan bugungi kungacha mazkur hokimga biror chora ko‘rilgani haqida aniq ma'lumotlar yo‘q.
Hokimga chora ko‘rish uchun haqoratlanganlarning arizasi shartmi?
Bu hokimga nisbatan qanday chora ko‘rilishiga bog‘liq. Masalan, hokimni haqorat qilganligi uchun ma'muriy javobgarlikka tortish uchun haqoratlanganlarning arizasi zarur bo‘ladi.
Qolgan barcha hollarda ariza shart emas. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasiga binoan, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar asosida jinoyat ishini qo‘zg‘atishi mumkin. Buning uchun albatta jabrlanuvchilarning arizasi talab etilmaydi.
Majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq vaziyatda davlat mehnat huquqi inspektorlari bemalol MJtK 51-modda bo‘yicha hokimni javobgarlikka tortishi mumkin.
Prokuratura organlari bemalol hokimning mansabdorlik bilan bog‘liq jinoyatlarga oid xatti-harakatlarini tekshirishlari mumkin.
Hattoki jabrlanuvchilar hokimga qaram bo‘lgani tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z huquqini va qonuniy manfaatlarini o‘zi himoya qila olmaydigan alohida hollarni inobatga olib prokuror jabrlanuvchining shikoyatisiz ham ularni huquqiy himoya qilishning choralarini ko‘rish lozim.
Boz ustiga, hokimning topshirig‘i bilan Andijon shahridagi Majburiy ijro byurosi, elektr tarmoqlari korxonasi vakillari, soliq va moliyachilar direktorlarga shaxsiy adovat tufayli qasddan turli vajlar bilan nohaq ish qo‘zg‘ashi, uyidagi gaz, elektrni sababsiz o‘chirib ketishi, sun'iy xatolarni qidirib, ularni javobgarlikka tortishi bilan bog‘liq vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ham aniq choralar ko‘rilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Yo‘qsa, oxir-oqibat tomdan yiqilgan o‘g‘ri qolib, shu tomni yasagan usta qatl qilinib ketmasa bo‘ldi...
Tavsiya etamiz
Qatiq, murabbo va yadro quroli. Putin yangi filmda nimalar dedi?
Jahon | 21:59 / 06.05.2025
Avtomobil importiga ekosertifikat – utilizatsiyaga qo‘shimcha “bonus”mi?
O‘zbekiston | 20:34 / 06.05.2025
Isroil Suriyani bombaladi. Turkiya nega sukutda?
Jahon | 12:44 / 06.05.2025
May oyida vodiyda me’yorga yaqin harorat kutiladi, mamlakatning katta qismida oy xuddi iyun kabi o‘tadi
O‘zbekiston | 11:17 / 06.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Hindistonning Jammu aeroportida portlashlar yuz berdi - AFP
Jahon | 00:23
-
Toshkentdan Lohurga uchadigan reyslar bekor qilinadi
O‘zbekiston | 23:40 / 08.05.2025
-
Toshkentning ayrim ko‘chalarida 9 may kuni transport vositalari harakati cheklanadi
Jamiyat | 23:21 / 08.05.2025
-
"Ekkan hosiligacha bozor bahosida hisob-kitob qildik" - Shuhrat Abdurahmonov
O‘zbekiston | 22:49 / 08.05.2025
Mavzuga oid

22:07 / 29.04.2025
Shuhratbek Abdurahmonov Bahodirlar o‘yinlarining Osiyo federatsiyasi prezidenti etib saylandi

21:45 / 29.04.2025
Yangilangan yo‘lak va perronlar, buziladigan aerovokzal – Andijon xalqaro aeroportidan reportaj

11:02 / 29.04.2025
Andijonda Qirg‘iziston bilan bog‘lovchi yashirin tunnel qaziganlarga hukm o‘qildi

21:57 / 26.04.2025