Sport | 20:10 / 27.11.2017
6654
2 daqiqa o‘qiladi

“Formula-1” chorak asr ichida ilk bor logotipini o‘zgartirdi

Foto: motor.ru

“Formula-1” tashkilotchilari poyganing yangi logotipini taqdim qilishdi. Avvalgi logotip 1993 yildan joriy yilgacha qo‘llanib kelingandi. 24 yil ichidagi ilk yangi ramz keyingi mavsumdan qo‘llana boshlanadi.

Logotip Abu-Dabida o‘tgan joriy mavsumdagi oxirgi bosqichdan keyin namoyish qilindi. Ushbu logotip poyga tarixidagi to‘rtinchisidir. Birinchi logotip 1950 yildan 1986 yilgacha, ikkinchisi esa 1987 yildan 1993 yilgacha qo‘llangan.

2017 yil boshida poyganing rahbariyati o‘zgardi. Chempionatga uning ko‘p yillik rahbari Berni Ekklstoun o‘rniga Cheyz Kerri rahbarlik qila boshladi. Kerrini rahbar etib poyganing yangi egasi – AQShning Libery Media korporatsiyasi tayinlagan. Kerriga Shon Bratches (ESPN vitse-prezidenti) hamda Benetton, Ferrari va Brawn GP jamoalarining sobiq texnik prezidenti Ross Braun ko‘maklashadi.

2021 yildan poyganing bolidlar motorlariga qo‘yiladigan qoidalari o‘zgartiriladi. Bolidlarning gibrid motorlari soddaroq, tovushi balandroq va arzonroq bo‘ladi. Bo‘lg‘usi qoidalar hamma jamoalar tomondan ham ijobiy qabul qilinmadi. Misol uchun, yangi motorlarga o‘tishni Renault va Mercedes jamoalari tanqid qilgan.   

Mavzuga oid