Jahon | 20:06 / 05.10.2025
2356
2 daqiqa o‘qiladi

McLaren Formula-1 konstruktorlar kubogini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi

Jamoa mavsum yakuniga 6 ta poyga qolganida raqiblar uchun yetib bo‘lmas marrani egalladi.

Foto: AP

McLaren jamoasi Singapur Gran-prisi yakuniga ko‘ra, qatorasiga ikkinchi marta va umumiy hisobda o‘ninchi marta Formula-1 konstruktorlar kubogini qo‘lga kiritdi.

Shahar trassasida o‘tkazilgan poyga g‘olibi britaniyalik Jorj Rassell («Mercedes») bo‘ldi, ikkinchi o‘rinni niderlandiyalik Maks Ferstappen («Red Bull»), uchinchi o‘rinni britaniyalik Lando Norris («McLaren») egalladi.

McLaren kubokda muddatidan oldin g‘alaba qozonish uchun o‘z poygachilari Norris yoki Oskar Piastridan biri shohsupadan joy olishi kerak edi.

O‘tgan yili McLaren faqat yakuniy poygada Konstruktorlar kubogini (1998 yildan beri birinchi marta) qo‘lga kiritdi va Norrisning g‘alabasi evaziga Ferrari jamoasini 14 ochkoga ortda qoldirdi.

Mavsum yakuniga qadar yana oltita poyga qoldi. Shu tariqa, McLaren mavsumdagi eng tez g‘alaba bo‘yicha 2023 yilgi Red Bull rekordini takrorladi.

Mavzuga oid