O‘zbekiston | 23:12 / 30.11.2017
14606
6 daqiqa o‘qiladi

Arxitektura va qurilish tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi

Foto: Getty Images

2017 yil 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida arxitektura va qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari yuzasidan Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi rahbarlarining hisoboti eshitildi.

Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimining faoliyati tanqid qilindi va islohotlarni amalga oshirish sust olib borilayotgani ta'kidlab o‘tildi. 

Sohaga doir normativ hujjatlar, jumladan, shaharsozlik qoidalari va qurilish me'yorlarining aksariyat qismi eskirgan, sobiq tuzum davridan qolib ketgan, dedi davlatimiz rahbari. Ushbu me'yorlarni zamonaviy talablarga moslashtirish bo‘yicha ko‘plab topshiriq berilgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishda natijaga erishilmagan. 

Jahon banki e'lon qilgan reytingda O‘zbekiston yer ajratish va qurilishga ruxsat olish pozitsiyasi bo‘yicha 135-o‘rinda bo‘lib, bu ishlarga o‘rtacha 246 kun vaqt ketishi ham qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirish zarurligiga yana bir yaqqol dalildir. 

Shu bilan birga, shaharlarning bosh rejalari, qishloqlarda arxitektura-rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish talabga mutlaqo javob bermaydi. Xususan, 2011-2018 yillarda shaharsozlik hujjatlarini yangilash bo‘yicha dastur atigi 30-40 foiz bajarilgan yoki jami 1 ming 200 shahar va shaharchadan faqat 207 tasining (17 foizi) bosh rejasi mavjud. 

Buning oqibatida shaharlar va tumanlarda o‘zboshimchalik bilan va chala loyihalar asosida qurish holatlari davom etmoqda. Bu esa mazkur aholi punktlari qiyofasi jiddiy buzilishiga olib kelmoqda, deb ta'kidladi Prezidentimiz. 

Shuningdek, yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan loyiha institutlari faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, bu borada ilg‘or chet el tajribasi joriy etilmayotgani tanqid qilindi. Jumladan, qurilish loyihalari sifati past, narxi esa asossiz ravishda yuqoriligicha qolmoqda. O‘z navbatida, bino va inshootlarni loyihalashtirishda ekologik jihatdan xavfsizlik va energiyatejamkorlikni ta'minlash masalalariga yetarlicha e'tibor qaratilmagan. Buning oqibatida aksariyat qurilayotgan bino-inshootlar bir qolipda va ko‘rimsiz bo‘lib, aholi punktlari qiyofasini o‘zgartirishga xizmat qilmayapti. 

Yig‘ilishda qurilish va loyihalash bo‘yicha kadrlar tayyorlash sifati ham talabga javob bermasligi qayd etildi. Xususan, tizimdagi 500 ga yaqin vakant o‘rinlar, jumladan, tuman (shahar) arxitektura va qurilish bo‘limlaridagi 110 va loyiha tashkilotlaridagi 200 ga yaqin vakant shtatlarni to‘ldirishni tezlashtirish zarurligi ta'kidlandi. 

Shuningdek, har tomonlama salohiyatga ega bo‘lgan professional qurilish-pudrat tashkilotlari shakllanmagani, ulardagi mavjud moddiy-texnik baza, moliyaviy manbalar tobora ortib borayotgan qurilish ishlari hajmini to‘liq qoplashga qodir emasligi alohida qayd etildi. 

Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda shaharsozlik va qurilish qoidalarini yangilash va ixchamlashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish, shuningdek, aholi punktlari bosh rejasini tayyorlash va tasdiqlash bo‘yicha yangi uch yillik dasturni hukumatga tasdiqlash uchun kiritish topshirildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda yer ajratish, qurilishni loyihalashtirish va foydalanishga topshirish bo‘yicha amaldagi qoidalarni qisqartirish va ochiq-oydin bo‘lishini ta'minlash yuzasidan hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi. 

Qurilish-pudrat tashkilotlarini rivojlantirish, ularni aylanma mablag‘lar bilan ta'minlash hamda bosh loyiha institutlari tarkibiy tuzilmasi va kadrlar salohiyatini qayta ko‘rib chiqqan holda, zamonaviy arxitektura talablari asosida har qanday turdagi loyiha ishlarini amalga oshira oladigan tashkilotlarga aylantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. 

Yig‘ilishda shaharlardagi ko‘p qavatli arzon uylar va qishloq joylardagi namunali uylarni sifatli qurish va muddatida topshirish, odamlarning bu uylarga ko‘chib kirishini tashkil etish ishlarini jadallashtirish vazifasi yuklatildi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov, “Qishloq qurilish invest” va “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyalari rahbarlari Q.Hoshimbekov va Z.Narzullayev viloyatlar hokimlari bilan birgalikda ushbu uylarning ko‘rsatilgan muddatda topshirilishi uchun shaxsan javob berishi belgilab qo‘yildi. 

Yig‘ilishda qurilish materiallari, jumladan, sement, pishgan g‘isht, qurilish oynasi, chaqiq tosh va qum kabi noruda materiallarning narxlari oshib ketishi va bunga asosiy sabab bo‘lgan mahalliy ishlab chiqarish hajmi ichki talab va eksport uchun yetarli emasligi natijasida olibsotarlik avjiga chiqqani jiddiy tanqid qilindi. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov, “O‘zqurilishmateriallari” kompaniyasi raisi B.Zaripovga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash asosida qurilish materiallari ishlab chiqarishni keskin oshirish, ularni iste'molchilarga yetkazib berish narxlari o‘zgarishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatish va shu orqali narxlarning asossiz ravishda oshib ketishining oldini olish, ichki talabni to‘liq qondirish va eksportni ta'minlash bo‘yicha hukumat qarorini tayyorlash va tasdiqlatish hamda uni amalga oshirish vazifasi yuklatildi. 

Muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid